
Namangan shahrida ta’lim tizimi mansabdorlaridan iborat guruh attestatsiya imtihonlarida o‘qituvchilarga pul evaziga masofadan yordam ko‘rsatib kelgani aniqlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat xavfsizligi xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti o‘tkazgan tezkor tadbirda «bunker» sifatida foydalanilgan xonadonda 12 nafar o‘qituvchi test savollarini yechishga jalb qilingan.
Tekshiruv davomida turli eshitish moslamalari, yashirin kameralar, noutbuk, 8 dona Wi-Fi router va boshqa jihozlar dalil sifatida olindi. Ma’lum bo‘lishicha, maktab direktori o‘rinbosari va hamkorlari pedagoglardan $1,300 – $1,500 atrofida pul talab qilib, faqat ikki oy ichida $25 ming yig‘ib olishgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda. Shu narsa ham ma’lum bo‘ldiki, ushbu «bunker»ni boshqargan shaxslar avval ham xuddi shunday jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xovosda ikki nafar IIB xodimi pora ustida ushlangan edi.