
Germaniyaning Dcubed kompaniyasi quyosh panellarini orbitada ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Spacenews nashri ma’lum qildi.
Yangi ARAQYS panellari an’anaviy panellardan ko‘ra moslashuvchan va arzonroq bo‘ladi. ARAQYS-D3 missiyasi 2027-yilning birinchi choragida SpaceX bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Orbitaga olib chiqilgan quyosh elementlari bilan o‘ralgan mato kosmosda ochiladi va unga qattiqlik beruvchi tuzilma bosib chiqariladi. Ultrabinafsha nurlar ta’sirida qotadigan qatron energiya sarfini kamaytiradi va natijada kosmosda ikki kilovatt quvvatga ega quyosh paneli hosil bo‘ladi.
Kosmosda tuzilmani bosib chiqarish yerdagiga qaraganda katta panellar yaratishni osonlashtiradi. An’anaviy yig‘iladigan panellar og‘ir va murakkab mexanizmlarni talab qiladi. Yangi texnologiya esa kosmosda ishlash uchun mo‘ljallangan konstruksiyalarni yaratishga imkon beradi.
Kompaniya yerda ishlatiladigan quyosh elementlaridan foydalanmoqchi. Bu unga ancha arzonga tushadi va sun’iy yo‘ldoshlar uchun besh yil xizmat qiladi. ARAQYS-D3 parvozidan oldin kompaniya ikki sinov missiyasini amalga oshiradi. ARAQYS-D1 missiyasida kosmosda 60 santimetrli element ishlab chiqaradi, ARAQYS-D2 missiyasida esa bir metrlik quyosh paneli bosib chiqariladi. Ikkala sinov missiyasi ham 2026-yil boshida SpaceX tomonidan amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kelajakda ma’lumot markazlari kosmosda joylashishi mumkinligi haqida yozgan edik.