Oktabr oyida O‘zbekiston uy-joy bozori 12 foizga oshdi

Oktabr oyida uy-joy oldi-sotdi bitimlari 12 foizga ko‘payib, 27,1 mingtaga yetgan. Bu 2023-yil avgustidan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillari e’lon qilindi.
Hududlar bo‘yicha faollik
O‘tgan oyda uy-joy bozoridagi eng katta o‘sish Xorazm, Buxoro va Toshkent viloyatlarida qayd etilib, bu hududlarda bitimlar soni o‘rtacha 26 foizga oshgan. Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida esa o‘sish nisbatan past bo‘lib, mos ravishda 2% va 4% atrofida bo‘ldi.
Respublika bo‘yicha barcha bitimlarning qariyb 30 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Poytaxtdagi savdo hajmi oy davomida 5,3%, bir yillik kesimda esa 32% o‘sgan.
Ikkilamchi uy-joy bozori
Oktabr oyida ikkilamchi bozorda narxlar o‘sish sur’ati biroz tezlashdi. Bir oyda 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 2,4 foizga oshgan (sentabrda 0,6%). O‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa narxlar 7,4 foizga ko‘tarilgan.
Eng keskin narx oshishi Surxondaryo va Namangan viloyatlarida kuzatilib, bu hududlarda narxlar 20% atrofida oshgan.
Toshkentda uy-joy bozori
Poytaxtda ikkilamchi uy-joy narxlari deyarli o‘zgarmay, atigi 0,7% o‘sgan. Yillik hisobda esa narxlar 1 foizga pasaygan. Eng katta pastlash Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida kuzatilib, bu yerda narxlar 5 foizgacha arzonlagan.
Biroq birlamchi bozorda aksincha, narxlar o‘sishda davom etmoqda. Oktabr oyida birlamchi uy-joy narxlari yillik hisobda 2,1 foizga oshgan.
Eng tez o‘sish Bektimir, Yashnobod, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilib, bu hududlarda narxlar 5,5% atrofida ko‘tarilgan.
Ijaralar bozori
Oktabr oyida Toshkentda o‘rtacha ijara stavkalari o‘zgarishsiz qolib, 1 kvadrat metr uchun $8,5 ni tashkil etdi. Eng yuqori ijara narxlari Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida saqlanib qolgan. Bu hududlarda o‘rtacha stavka $10,2 ni ko‘rsatgan.
O‘tgan yilga nisbatan ijara narxlari 1,6 foizga oshgan. Eng katta o‘shish Bektemir, Yashnobod va Sergeli tumanlarida kuzatilib, bu hududlarda ijara stavkalari 9 foizga ko‘tarilgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarishning yangi tartib joriy etilgani haqida yozgandi.