
Oq uy Kongressga murojaat qilib, Nvidia va AMD chiplarining Xitoy hamda boshqa davlatlarga sotilishini cheklashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini rad etishga chaqirdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Hozir muhokama qilinayotgan GAIN AI Act hujjati eksport qilinadigan mikrosxemalardan avvalo amerikalik mijozlar foydalanishini talab qiladi. Nashrga ko‘ra, Oq uy pozitsiyasi hujjat qabul qilinishiga qarshi faol lobbi olib borayotgan Nvidia uchun muhim yutuq bo‘lishi mumkin.
Biroq Kongress Pekinning sun’iy intellekt sohasidagi imkoniyatlarini cheklash tarafdori bo‘lib qolmoqda. Agar loyihaning dastlabki varianti tasdiqlanmasa, muqobil qonun loyihasi ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Ushbu muqobil taklifga ko‘ra, AQSh Savdo vazirligi Xitoyga H20 modelidan kuchliroq chiplarni sotish bo‘yicha arizalarni rad etish vakolatiga ega bo‘ladi. Hozircha har ikki tashabbus yuzasidan yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston Nvidia bilan 3 mln dollarlik sun’iy intellekt markazini ishga tushirishi haqida xabar bergan edi.