Yangiliklar

«Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi» dasturi boshlovchisi vafot etdi

Mirabbos Mirzaahmedov 84 yoshida vafot etdi
Foto: RTV

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli rejissyor va teleboshlovchi Mirabbos Abdulhaqovich Mirzaahmedov 19-noyabr kuni 84 yoshida vafot etdi. Davlat rahbari marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.

Mirzaahmedov 1941-yil 30-sentabrda Toshkentda ziyoli oilada tug‘ilgan, keyinchalik Toshkent teatr va rassomlik institutida kino va teatr san’ati aktori mutaxassisligida ta’lim olgan. U o‘z faoliyatini O‘zbekiston teleradiokompaniyasida rejissyor yordamchisi sifatida boshlagan va 60 yildan ortiq vaqt davomida televideniye sohasida samarali faoliyat yuritdi.

U «Yoshlar» tahririyati rejissyori, bosh rejissyor, «O‘zbekiston» telekanalining oliy toifali rejissyori, shuningdek, 40 yildan buyon efirga chiqib kelayotgan mashhur «Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi» dasturining rejissyori va boshlovchisi sifatida millionlab tomoshabinlar mehrini qozongan.

Mirzaahmedovning «Bahor qaytmaydi», «Izlayman», «Qalbingga quloq sol», «Bahs», «Uch ildiz», «Dunyoning ishlari» kabi telefilmlari o‘z davrining eng yorqin asarlaridandir.

Shuningdek, madaniyat va san’at rivojiga qo‘shgan ulkan xizmatlari davlat tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni, «Mehnat shuhrati» va «Do‘stlik» ordenlari bilan e’tirof etilgan.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston futboli faxriysi Toʻlagan Isoqov vafot etgani haqida yozgandi.