
19-noyabr kuni FIFA terma jamoalar reytingini yangiladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 5 pog‘ona ko‘tarilib, 50-o‘ringa ko‘tarildi.
Xalqaro o‘rtoqlik turnirida chempion bo‘lib, ishonchli o‘yin ko‘rsatgan O‘zbekiston termasi 1462 ball to‘plab, 50-o‘ringa ko‘tarildi. O‘zbekiston musobaqa yarim finalida Misrni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Finalda esa Eron terma jamoasidan penaltilar seriyasida ustun kelgan edi.
Osiyo jamoalari ichida Yaponiya 18-o‘rin bilan yetakchilik qilmoqda, keyingi o‘rinda 20-o‘rin bilan Eron bormoqda. Janubiy Koreya va Avstraliya esa 22 va 26-pog‘onada bormoqda. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston termasining tarixdagi eng yuqori natijasi 2006-yilning noyabr oyiga to‘g‘ri keladi, o‘shanda jamoa 45-o‘rinni band etgan edi.

Yangilangan reytingga ko‘ra Ispaniya terma jamoasi hamon yetakchilik qilmoqda. Amaldagi jahon chempionlari ikkinchi o‘rinda bo‘lsa, Fransiya kuchli uchlikni yopib beradi. Angliya to‘rtinchi o‘rinni saqlab qolgan bo‘lsa, Braziliya termasi ikki pog‘ona ko‘tarilib 5-o‘ringa chiqib oldi. Portugaliya reytingda bir pog‘ona pastladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident Yangi Toshkentda zamonaviy futbol stadioni qurilishiga «start» bergani haqida xabar bergan edi.