
O‘zbekistonda moliyaviy hisobvaraqlarga ega aholining ulushi 60 foizga yetdi. Bu haqda «Moliyaviy inklyuzivlik va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni oshirishda xalqaro pul o‘tkazmalarining ahamiyati» mavzusidagi konferensiyada ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, so‘nggi yetti yil ichida O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlardan foydalanayotgan aholining ulushi sezilarli oshdi. 2017-yilda atigi 37 foiz aholi bank hisobvarag‘iga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 60 foizga yetdi. Ayniqsa, ayollar orasida o‘sish yanada kuchli bo‘lib, ularning 61 foizi moliyaviy hisobvaraq ochgan. Erkaklarning ko‘rsatkichi esa 59 foizni tashkil etdi.
«Oʻzbekistonda hisob raqamlariga ega ayollar ulushi 61 foizga yetdi, bu erkaklarnikidan (59%) yuqori. Bu gender tengligiga erishishda muhim bosqichdir», – dedi International Fund for Agricultural Development (IFAD) ning O‘zbekistondagi direktori Laura Mattioli Toshkentda bo‘ib o‘tayotgan konferensiyaning ochilishida.
Bu o‘sish, bir tomondan, xalqaro pul o‘tkazmalarining ahamiyati ortib borayotgani, ikkinchi tomondan, raqamli texnologiyalarning keng tarqalishi bilan izohlanadi. Bugungi kunda katta yoshdagi aholining 82 foizi mobil telefon, 69 foizi esa smartfonlardan foydalanadi. Qishloq (80%) va shahar (86%) o‘rtasida farq katta emas, bu esa moliyaviy inklyuziyani yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.
Avvalroq Adliya vazirligi tomonidan «Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma»ga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qaror davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, mijozlar endilikda eskrou hisobvaraqlarini ochish imkoniga ega bo‘ldi. Bu turdagi hisobvaraqlar elektron savdo maydonlarida, ulushli shartnomalar va boshqa bitimlarda qo‘llaniladi.