Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etiladi

Prezidentning yangi farmoni bilan O‘zbekistonda uy-joy sohasini 2040-yilgacha barqaror rivojlantirish bo‘yicha yangi strategiyalar belgilab berildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, farmon uy-joy sohasini uzoq muddatli va barqaror rivojlantirishga qaratilgan yirik islohotlar paketini belgilab berdi. Hujjatda aholining o‘sishi, urbanizatsiya jarayonlarining tezlashuvi va iqtisodiy o‘sish sur’atlari inobatga olinib, 2040-yilgacha uy-joy qurilishi hajmini ikki baravarga oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Rejaga muvofiq, yillik quriladigan uy-joylar soni 421 mingtaga, ipoteka bozori hajmi esa 56,7 mlrd dollarga yetkaziladi.
Farmonda uy-joy sohasini modernizatsiya qilishning besh asosiy yo‘nalishi belgilangan: yirik aglomeratsiyalarda uy-joy fondini kengaytirish, zamonaviy uy-joylar ulushini 2040-yilgacha 50 foizga yetkazish, ipoteka mexanizmlarini kuchaytirish, ulushli qurilishda fuqarolar huquqlarini himoya qilish va qurilish jarayonlarini «Uy-joyning yagona hayotiy sikli» tamoyili asosida isloh qilish. Ochiq rejalashtirilgan, ekologik toza va energiya tejamkor texnologiyalar asosida kompleks qurilish tizimi joriy qilinadi. Bu tizim infratuzilma – yo‘l, elektr, suv, bog‘cha va maktablar – dastlab barpo etilgan holda uy-joylarni qurishni nazarda tutadi.
Shuningdek, uy-joy siyosatini boshqarishning yangi institutsional tizimi shakllantiriladi. Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etilib, unga urbanizatsiya jarayonlarini boshqarish, renovatsiya dasturlarini amalga oshirish, «Yangi O‘zbekiston» massivlarini qurishni muvofiqlashtirish kabi vakolatlar beriladi. Kadastr agentligi ham ushbu qo‘mita tizimiga o‘tkaziladi.
Islohotlarning amaliy bosqichida aholini uy-joy bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish, ehtiyojmand fuqarolarga ijtimoiy turar joylar ajratish, ortiqcha qurilish yoki uy-joy tanqisligining oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatilgan. Shu bilan birga, hukumat bir oy muddatda yangi qo‘mitaning faoliyatini tartibga soluvchi barcha hujjatlarni ishlab chiqadi, uning moddiy-texnik bazasini shakllantiradi va 2026-yildan boshlab doimiy moliyalashtirishni ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oktabr oyida O‘zbekiston uy-joy bozori 12 foizga oshgani haqida yozgan edik.