Poytaxt bozorlaridagi avtoturargohlar narxi oshirilishi bo‘yicha hokimlik tushuntirish berdi

Poytaxt bozorlaridagi avtoturargohlar narxi oshirilishi bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi tushuntirish berdi. Unga ko‘ra, Munitsipal aktivlarni boshqarish korxonasi bozor avtoturargohlarida mashinalarning haqiqiy turish vaqtini o‘rgandi.
Tahlil natijasiga ko‘ra, xaridorlarning aksariyatiga xarid qilish uchun ikki soatgacha vaqt yetarli ekani ma’lum bo‘ldi. Shu sababli dastlabki ikki soat uchun to‘lov miqdori o‘zgartirilmadi.
«Ikki soatdan ortiq qolish, odatda, bozor xodimlari, savdogarlar va faoliyati bozor hududi yoki unga tutash hududga bog‘liq bo‘lgan shaxslarga xos. Yangilangan tariflar, asosan, ushbu toifadagi foydalanuvchilarga ta’sir ko‘rsatadi, oddiy xaridorlarga emas», – deyiladi xabarda.
Hokimlikka ko‘ra, narxlarning yangilanishi avtoturargohlarni tartibga solish, dam olish kunlarida yuklamani kamaytirish va bo‘sh joylarni tezroq aylanishini ta’minlashga qaratilgan.
Bozorlardagi avtoturargohlar narxi
Hokimlik qaroriga ko‘ra, Toshkent shahridagi bozor va savdo komplekslaridagi avtoturargohlar narxi avtomobil turi va qancha vaqt turishiga qarab quyidagicha belgilandi:
| Yengil avtomobillar uchun (dushanba – juma kunlari) vaqt | Narx |
|---|---|
| 20 minutgacha | 5 000 so‘m |
| 40 minutgacha | 7 000 so‘m |
| 1 soatgacha | 8 000 so‘m |
| 2 soatgacha | 9 000 so‘m |
| 3 soatgacha | 10 000 so‘m |
| 4 soatgacha | 14 000 so‘m |
| 4 soat va undan ortiq | 15 000 so‘m |
| Yengil avtomobillar uchun (shanba – yakshanba kunlari) | Narx |
|---|---|
| 20 minutgacha | 5 000 so‘m |
| 40 minutgacha | 7 000 so‘m |
| 1 soatgacha | 8 000 so‘m |
| 2 soatgacha | 9 000 so‘m |
| 3 soatgacha | 25 000 so‘m |
| 4 soatgacha | 35 000 so‘m |
| 4 soat va undan ortiq | 50 000 so‘m |
| Yuk avtomobillari uchun | Narx |
|---|---|
| 20 minutgacha | 7 000 so‘m |
| 40 minutgacha | 9 000 so‘m |
| 1 soatgacha | 10 000 so‘m |
| 2 soatgacha | 11 000 so‘m |
| 3 soatgacha | 12 000 so‘m |
| 4 soatgacha | 14 000 so‘m |
| 4 soat va undan ortiq | 18 000 so‘m |
Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi bozorlarda reklama roliklari, kliplar yoki istalgan tijoriy kontent tayyorlash uchun olib boriladigan foto/video suratga olish ishlari soatiga 5 mln so‘m qilib belgilangan. Xorijiy turistlar va OAV vakillari ushbu to‘lovdan istisno qilingan. Ular uchun suratga olish bepul bo‘lib qoladi.