Qozog‘istonda 183 ming kishi virusli infeksiya bilan kasallandi

eʼlon qilindi
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 foizga ko‘p
Foto: Expert Clinica

Qozog‘istonda bir hafta ichida 183 ming nafar fuqaro O‘RVI (o‘tkir respiratorli virusli infeksiya) bilan kasallandi. Bu haqda mamlakatning sog‘liqni saqlash vaziri Aqmaral Alnazarova ma’lumotiga tayanib Kursiv Media xabar berdi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi epidemiya mavsumining aynan shu davriga nisbatan 16 foizga ko‘p.

Vazirning aytishicha, grippning faolligi bu yil odatdagidan biroz erta, ya’ni oktabrning birinchi yarmida, 41-haftada qayd etilgan. Shunga qaramay, Qozog‘iston hududida ilgari uchramagan yangi gripp shtammlari aniqlanmadi.

Aholi orasida nafaqat gripp va O‘RVI, balki boshqa viruslar ham tarqalmoqda. Jumladan, inovirus, parainfluenza, adenovirus, bokavirus, koronavirus, RS virusi va metapnevmoviruslar aniqlangan. Umumiy kasallanishning 66 foizi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ma’lumot uchun, 1-sentabrdan buyon mamlakatda 1,4 million O‘RVI holati qayd etilgan. Bu o‘tgan yilgi mavsumning shu davriga nisbatan 20 foizga kam, ammo bolalar ulushi 66 foizdan o‘zgarmagan.

Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov Sog‘liqni saqlash vazirligi va mahalliy hokimliklarga tibbiy xizmat sifatini qat’iy nazorat qilishni topshirdi. Uning aytishicha, viruslar mavsumi boshlangan, shu bois kerak bo‘lsa, qo‘shimcha shifoxona o‘rinlari ochish va mobil tibbiy brigadalar ishini yo‘lga qo‘yishga tayyor turish zarur.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda O‘RI ko‘rsatkichlari epidemik ko‘rsatkich darajasidan past ekanligi haqida yozgandi.

Shuningdek