Yangiliklar

Turizm uchun olib kelinadigan avtobus va elektrobuslar bojxona bojidan ozod etiladi

2027-yil 1-yanvargacha
Turizm uchun olib kelinadigan avtobus va elektrobuslar bojxona bojidan ozod etiladi
Turizm uchun olib kelinadigan avtobus va elektrobuslar bojxona bojidan ozod etiladi / Foto: tashkentcitytour.uz

2027-yil 1-yanvargacha turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etiladi. Shavkat Mirziyoyev turizm sohasini tezkor va samarali boshqarish bo‘yicha yangi qaror imzoladi.

Unga muvofiq, Qoraqalpog‘istonda litsenziyaga ega turoperatorlar, istisno tariqasida, ekstremal turlar uchun kuchli yo‘ltanlamas avtomobillarni olib kirganda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imini hozirgi stavkaning 25 foizi miqdorida 3 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin.

Bundan tashqari, turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarning sonidan qat’i nazar, ularga bitta sertifikat berishga ruxsat etiladi.

2030-yil 1-yanvargacha Brand Finance reytingidagi top-50 brend bilan dastlabki kelishuvga ega bo‘lgan va mehmonxona qurishni boshlagan tadbirkorlar, mehmonxonani qurish va jihozlash uchun chetdan olib kelinadigan uskunalar, texnika, mebel va boshqa jihozlar uchun bojxona boji to‘lamaydi.

Vizalar, mehmonxonalar va startaplarga imtiyozlar

Qarorga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa idoralar bilan birgalikda ikki oyda O‘zbekistonga kirish uchun vizasiz rejim joriy etilgan davlatlar ro‘yxatini kengaytirish va kirish tartiblarini soddalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi. Chet ellik turistlar 2026-yildan boshlab O‘zbekistonda xarid qilgan tovarlari uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ni naqd pul shaklida qaytarib olishi mumkin.

Turistik startap loyihalarining xarajatlari qisman subsidiya qilinadi, mehmonxonalar esa xalqaro «yashil» sertifikatlarni olish uchun qilgan xarajatlarining yarmiga yaqinini qaytarib olish imkoniga ega bo‘ladi. Yirik xalqaro konferensiya va tadbirlar (MICE turizmi)ni o‘tkazgan tadbirkorlarga ham soliq imtiyozlari beriladi.

Milliy turizm yagona platformasi ishga tushiriladi

2026-yil 1-iyuldan boshlab milliy turizm yagona platformasi va mobil ilovasi ishga tushiriladi. U orqali xorijiy turistlar uchun elektron SIM-karta berish, ro‘yxatga olish, barcha turdagi transport chiptalarini onlayn xarid qilish, muzey va madaniy obyektlarga bilet olish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, raqamli gid tizimi, interaktiv xaritalar va audio-video yordamchilar joriy etiladi.

Avvalroq chegara va anklav hududlardagi 563 ta mahallaga dam olish va servis obyektlari qurish uchun 1 trillion so‘m resurs ajratilishi belgilangandi. Prezident raisligidagi yig‘ilishda mazkur mahallalarda yo‘l, infratuzilma va xizmat ko‘rsatish obyektlarini rivojlantirish orqali 50 ming xonadonning daromadini oshirish mumkinligi qayd etildi.