Yomon havo sifati yana bir necha kun davom etadi — O‘zgidromet

2025-yil 20-noyabr soat 18:00 holatiga Toshkent shahrida atmosfera havosida PM10 zarrachalari 302 mkg/m³, PM2,5 esa 195 mkg/m³ ni tashkil etdi. Bu haqda «O‘zgidromet» agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich me’yorlardan mos ravishda 1,0 va 3,2 barobar oshgan. Toshkent va boshqa hududlarda havoning ifloslanishi yuqori darajada saqlanadi. Bunga havo sharoiti, xususan, harorat inversiyasi sabab bo‘ladi. Bu jarayonda issiq havo sovuq havoning ustida to‘planib, vertikal harakatlanish cheklanadi va ifloslantiruvchi moddalar yig‘iladi.
Kunning boshida, ya’ni soat 9:00 da PM2,5 miqdori 202 µg/m³, ya’ni normadan 3,4 baravar yuqori bo‘lgan. Chorshanba kuni tush paytida Toshkentda eng yuqori oshish ko‘rsatkichi Qishloq xo‘jaligi universiteti hududida — 4,2 baravar, eng kam oshish «Yangi O‘zbekiston» parkida 2,4 baravar kuzatilgan.
Gidromet xizmati aholiga ochiq havoda vaqtni qisqartirish va ko‘chaga chiqqanda niqob taqish choralarini ko‘rishni tavsiya qilgan. Shuningdek, bunday havo sharoitlari butun respublika bo‘ylab bir necha kun davom etishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekologiya vazirligi hukumat tarkibidan chiqarilib, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etilishi haqida yozgan edik.