14 ming dollarlik Leapmotor A10 elektromobili uchun buyurtmalar boshlandi

21-noyabr 2025 15:29 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Leapmotor A10
Leapmotor A10 elektromobili / Foto: Leapmotor

Xitoyning Guangzhou Auto Show 2025 ko‘rgazmasida yangi Leapmotor A10 elektromobili uchun oldindan buyurtmalar qabul qilina boshlandi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Modelning zaxira masofasi 500 km bo‘lib, Snapdragon 8295P chipi bilan jihozlangan. Narxi 100 ming yuan, ya’ni taxminan $14 mingdan past bo‘ladi. U BYD Atto 2 (Yuan Up) modeliga raqobatchi sifatida taqdim etilmoqda.

Modelning old tomondan ko‘rinishi / Foto: Leapmotor

Stellantis kompaniyasi qo‘llab-quvvatlayotgan Leapmotor brendi A10 modelini avval rasmiy tizerlar orqali namoyish qilgan edi. Kompaniya modelni keyinchalik xalqaro bozorlarga ham olib chiqishni rejalashtirgan.

A10 tashqi ko‘rinish bo‘yicha brendning boshqa modellari uslubiga mos keladi, lekin o‘ziga xos, noodatiy yechimlar ham bor. Orqa chiroqlar to‘rtburchak shaklda. Old qismda uch bo‘lakli faralar, funksional havo kanallari va 1133 mm uzunlikdagi kapot joylashgan. Zaryad ulagichi chap oldingi qanotda.

Modelning yon tomondan ko‘rinishi / Foto: Leapmotor

Model panoramali tom oynasi, 18 dyuymli disklar, LiDAR datchigi va haydovchi yordam tizimi faolligini ko‘rsatuvchi 6 ta ko‘k indikator chiroqlariga ega.

Rasmiy o‘lchamlar hali oshkor qilinmagan, biroq u BYD Atto 2 bilan deyarli bir toifada bo‘ladi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, salon joyidan foydalanish koeffitsienti 88,1 foizni tashkil qiladi.

Leapmotor A10 bir zaryadda 500 km CLTC masofaga ega. Boshqaruv chipi sifatida Snapdragon 8650 qo‘llangan, multimedia tizimi esa Qualcomm Snapdragon 8295P protsessorida ishlaydi. Avtomobil 30 foizdan 80 foizgacha atigi 16 daqiqada quvvatlanadi, bu 250 km yo‘l uchun yetadi.

Modelning orqa tomondan ko‘rinishi / Foto: Leapmotor

Model Xitoy bozoriga 2026-yilning birinchi yarmida chiqadi. Xaridorlar uni 99 yuan ($14) evaziga oldindan band qilishi mumkin. 400 yuan ($56) to‘laganlar esa avtomobil savdoga chiqqanda yetkazib berishda ustuvorlikka ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Leapmotor D19 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek