
Sovuq fasl – teri uchun haqiqiy sinov davri. Qishning sovuq shamoli, past harorat va quruq havo terining namligini kamaytiradi, uni sezgir va nozik qiladi. Shu sababli Kursiv Uzbekistan ayollar uchun yuqori sifatli, terini himoya qiluvchi va oziqlantiruvchi krem turlari va narxlarini jamladi.
Ushbu maqola orqali quyidagilarni bilib olasiz:
- Sovuq faslda teri qanday o‘zgaradi
- Krem tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak
- Teri parvarishida keng tarqalgan xatolar
- Eng yaxshi krem turlari
- Kremlarni ishlatish bo‘yicha tavsiyalar
Sovuq faslda terida qanday muammolar bo‘ladi

Qish mavsumida havo namligi past bo‘ladi, bu esa terining tabiiy namlik balansini buzadi. Natijada teri quruq, qattiq va ba’zan tirnaladigan bo‘ladi. Ayniqsa yuz, lab va qo‘l terisi quruqlikdan eng ko‘p aziyat chekadi. Sovuq shamol ham terining himoya qatlamini yemiradi, uni sezgirlashtiradi va qizil dog‘lar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu, ayniqsa, terisi nozik ayollar uchun jiddiy muammo hisoblanadi.
Ichki omillardan esa vitaminlar yetishmasligi, noto‘g‘ri ovqatlanish va yetarli suv ichmaslik ham qishki teri muammolarini kuchaytiradi. Shuning uchun krem tanlashda faqat tashqi faktorlarni emas, ichki holatni ham hisobga olish muhim.
Kremni qanday tanlash kerak: yuz uchun

Sovuq faslda teri o‘zini himoya qilishga muhtoj bo‘ladi. Yuz kremi tanlashda avvalo terining turini hisobga olish zarur. Quruq teri uchun yog‘li va namlovchi kremlar, yog‘li teri uchun yengil suvga asoslangan namlantiruvchi vositalar, sezgir teri uchun esa allergenlardan holi va gipoallergen formulali kremlar eng maqbul hisoblanadi.
Terini qishki sovuqdan himoya qiluvchi krem tarkibida hyaluron kislota, shea yog‘i, jojoba yog‘i va vitamin E bo‘lishi muhim. Hyaluron kislota terini chuqur namlaydi, yog‘li moddalar himoya qatlamini hosil qiladi, vitamin E esa antioksidant sifatida terini quruqlikdan himoya qiladi. Sovuq havoda yuz kremi faqat kechki payt emas, balki ertalab va kun davomida ham ishlatilishi tavsiya etiladi.
Ba’zi kremlarda SPF (Sun protection factor) yoki UV (ultraviolet) filtrlari mavjud bo‘lib, ular qishki quyoshli kunlarda terini zararli nurlardan himoya qiladi. Hypoallergenic belgisi esa kremning allergik reaksiya xavfi kamligini bildiradi, dermatologically tested dermatologlar tomonidan sinovdan o‘tganini ko‘rsatadi.
Qo‘l uchun qanday krem tanlash kerak

Qo‘l kremi sovuq faslda alohida e’tiborni talab qiladi, chunki qo‘l terisi tez quruqlashadi va parchalanadi. Yog‘li va qalinroq kremlar terini namlik bilan ta’minlaydi va himoya qiladi.
Shea, kokos yoki bodom yog‘i terini yumshatadi va himoya qiladi, glitserin yoki aloe vera esa terining namligini saqlashga yordam beradi. Qo‘l kremini har qo‘l yuvilgandan so‘ng va sovuq havoda muntazam ishlatish tavsiya etiladi. Maxsus belgilar, masalan, non-greasy yoki fast absorbing – krem tez so‘rilishini va qo‘lni yopishqoq qilmasligini bildiradi.
Lablar uchun

Lablar terisi eng nozik va parchalanishga moyil bo‘lgani uchun qishki parvarishda lab kremi yoki balzam ishlatish zarur. Lab kremi vitamin E va shea yog‘i bilan boyitilgan bo‘lishi, terini oziqlantiruvchi va namlantiruvchi bo‘lishi muhim. U kun davomida, ayniqsa tashqi havoda chiqqaningizda surilishi kerak.
Umuman olganda, sovuq mavsumda krem tanlashda tarkib va teri turini hisobga olish, qo‘shimcha himoya belgilariga e’tibor berish va kremni muntazam ishlatish ahamiyatli. Shu bilan birga, ichki parvarish – yetarlicha suv ichish, vitaminlar va omega-3 yog‘ kislotalari bilan boy ovqatlar iste’mol qilish terining sog‘lom ko‘rinishini ta’minlaydi.
Teri parvarishida keng tarqalgan xatolar

Ko‘plab ayollar sovuq mavsumda teri parvarishiga e’tibor bersalar-da, ba’zi odatlar natijani yo‘qqa chiqarishi mumkin. Eng keng tarqalgan xatolardan biri — yuzni haddan tashqari issiq suvda yuvish. Issiq suv terining tabiiy yog‘ qatlamini yuvib tashlab, uni quruqlikka va qichishishga olib keladi. Sovuq faslda iliq suv bilan yuvinish va darhol namlovchi krem surish muhim.
Yana bir xato — spirtli vositalardan foydalanish. Ko‘plab tonik yoki tozalovchi vositalar tarkibida spirt bo‘ladi, bu esa terini yanada quruq holatga keltiradi. Shu bois, alcohol-free yoki gentle belgisi bo‘lgan mahsulotlarni tanlash kerak.
Ba’zilar esa kremni kuniga bir marta, odatda faqat kechqurun ishlatishadi. Aslida sovuq havoda teri tez quriydi va ertalab ham, kechqurun ham namlikka muhtoj bo‘ladi. Shuningdek, ko‘pchilik lab va qo‘l kremini e’tibordan chetda qoldiradi, bu esa lablarning yorilishi va qo‘l terisining qo‘pol bo‘lishiga olib keladi.
Shuningdek, asosiy xatolardan biri quyoshdan himoya kremini sovuq mavsumda ishlatmaslik. Quyosh nuri faqat yozda zararli emas: qishda ham ultrabinafsha nurlar teri qarishini tezlashtiradi. Shu bois, SPF 15–30 oralig‘idagi himoyali kremni tanlash tavsiya etiladi.
Eng yaxshi krem turlari: yuz uchun

Sovuq faslda yuz terisi namlikni tez yo‘qotadi, qizarish va tirnashish kuchayadi. Shuning uchun krem tanlashda uning namlantirish darajasi, himoya funksiyasi va tarkibidagi tinchlantiruvchi komponentlar juda muhim bo‘ladi. Bunda kremlarni asosiy uchta segmentga ajratish mumkin: yuqori, o‘rta va quyi segment.
- Yuqori segment kremlari. Odatda 250–400 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Bu toifadagi namlantiruvchi vositalar odatda dermatologlar tomonidan tasdiqlangan, gipoallergen, minimal tarkibli va sezgir teri uchun mos bo‘ladi. Ularning asosiy afzalligi shundaki, ular terini chuqur namlab, sovuq shamol, quruq havo va issiq xonalardagi namlik yetishmovchiligidan ishonchli himoya qiladi.
- O‘rta segment kremlari. 120–220 ming so‘mlik narx oralig‘ida uchraydi. Ular bozorda eng ommabop bo‘lib, yengil tuzilishga ega bo‘lgani uchun kun davomida qulay ishlatiladi va tez so‘riladi. Aksariyatida antioksidantlar, gialuron kislotasi yoki tabiiy yog‘lar mavjud bo‘lib, qishda terining tabiiy himoya qatlamini mustahkamlaydi.
- Quyi segment kremlari. 30–80 ming so‘m oralig‘ida sotiladi. Ular kundalik parvarish uchun budjetga mos variant bo‘lib, quruq terini tez yumshatadi, sovuqda qurib ketadigan yuz uchun asosiy himoya beradi. Tarkibida o‘simlik yog‘lari, E vitamini, oddiy namlantiruvchi komponentlar bo‘ladi. Lekin terisi juda sezgir yoki ekzemaga moyil bo‘lganlarga yuqori segment vositalari ko‘proq mos keladi.
Yuz parvarishida eng asosiysi kremsiz qolmaslik va terining ehtiyojiga qarab to‘g‘ri segmentni tanlash. Narx har doim ham sifatning yagona ko‘rsatkichi emas, biroq sovuq faslda chuqur namlanish va himoya ko‘proq ahamiyatga ega bo‘ladi.
Qo‘l uchun eng yaxshi kremlar: segmentlar bo‘yicha

Kursiv Uzbekistan mahalliy savdo platformalaridagi kremlar narxini o‘rgandi va uni quyidagicha segmentlarda taqdim etadi:
- Yuqori segment. 150–230 ming so‘m oralig‘ida bo‘lib, tarkibida yuqori miqdorda shea yog‘i, tabiiy yog‘lar, vitaminlar yoki regeneratsiyani kuchaytiruvchi komponentlar mavjud bo‘ladi. Bu toifadagi kremlar qo‘l terisini chuqur oziqlantiradi, sovuq sezgirligi kuchli bo‘lgan yoki terisi tez yoriladigan insonlar uchun ayniqsa mos keladi.
- O‘rta segment. 60–150 ming so‘m atrofida uchraydi va kundalik foydalanish uchun eng ommabop variant hisoblanadi. Ularning tuzilishi qulay, tez so‘riladi, qo‘lda yopishqoqlik qoldirmaydi. Tarkibida odatda bodom yog‘i, gialuron kislotasi, E vitamini yoki yengil tabiiy ekstraktlar bo‘ladi. Bunday mahsulotlar qo‘l terisini tezda yumshatadi, sovuqdan keladigan tirnashishni kamaytiradi.
- Quyi segment 20–60 ming so‘m oralig‘ida. Bu kremlar iqtisodiy jihatdan qulay bo‘lib, kun davomida tez-tez surtib turish uchun mos. Ular asosan oddiy namlantiruvchi komponentlar, glitserin va yengil yog‘lar asosida ishlab chiqariladi. Ko‘p maqsadli bo‘lgani uchun qo‘lni darhol yumshatadi, lekin juda sovuq havoda yoki terisi o‘ta quruq bo‘lganlarga yuqori yoki o‘rta segment variantlari kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi.
Lab uchun eng yaxshi balzamlar

O‘zbekistondagi onlayn savdo platformalaridagi eng yaxshi balzamlar uchta narx segmentida:
- Yuqori segment balzamlari 150–200 ming so‘m atrofida bo‘lib, tarkibida balzamning tiklovchi va himoya qiluvchi xususiyatlarini kuchaytiradigan o‘ta sifatli moddalar — tabiiy mum, antioksidantlar, termal suv, yog‘lar va tiklovchi komplekslar bo‘ladi. Ular ayniqsa lablari tez yoriladigan, sezgir yoki sovuqdan kuchli ta’sirlanadigan insonlar uchun mos keladi.
- O‘rta segment balzamlari 40–80 ming so‘m oralig‘ida uchraydi. Bu balzamlar kundalik foydalanish uchun qulay, tarkibida E vitamini, tabiiy yog‘lar, glitserin yoki yengil tiklovchi komponentlar bo‘ladi. Ular labni namlaydi, yumshatadi va sovuqdan himoya qiladi.
- Quyi segment balzamlari esa 10–40 ming so‘m atrofida bo‘lib, eng ommabop va iqtisodiy jihatdan qulay variant hisoblanadi. Ular asosiy namlantiruvchi vositalar — petrolatum, glitserin yoki yengil mumlar asosida tayyorlanadi. Ushbu balzamlar lablarni tezda yumshatadi va qurib qolishni kamaytiradi, biroq juda quruq yoki chuqur yorilgan lablar uchun yuqoriroq segment variantlari yanada samarali bo‘ladi.
Kremlarni ishlatish bo‘yicha tavsiyalar: tarkibni tekshiring
Sovuq mavsumda krem tarkibida quruqlikni kamaytiruvchi, namlikni saqlovchi va himoya qiluvchi moddalar bo‘lishi lozim. Hyaluron kislota, shea yog‘i, vitamin E, aloe vera – eng foydalilari.
Kremni muntazam ishlating
Kremni faqat kechki vaqt emas, balki ertalab va kun davomida ham qo‘llash tavsiya etiladi. Shamolli va sovuq havoda qo‘shimcha qatlam hosil qilish terini quruqlikdan saqlaydi.
Tabiiy usullar bilan qo‘llab-quvvatlang
Qish mavsumida terini ichkaridan ham parvarish qilish muhim. Ko‘p suv ichish, omega-3 yog‘ kislotalari va vitaminlar bilan boy ovqatlar teri sog‘ligiga ijobiy ta’sir qiladi.
Umuman olganda, sovuq mavsumda ayollar uchun krem tanlashda terining quruqligi, sezgirligi va himoya qilish darajasi asosiy mezon hisoblanadi. Namlovchi, yog‘li, lab va sezgir teri uchun mo‘ljallangan kremlarni birlashtirish orqali teringizni qishning sovuq havo va shamolidan samarali himoya qilishingiz mumkin. Shu bilan birga, ichki parvarish va sog‘lom ovqatlanish ham terining sog‘lom ko‘rinishini ta’minlaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan terini quyoshdan himoyalash uchun qaysi kremlardan foydalanish kerakligi haqida ma’lumot bergandi.