“Toshshahartransxizmat”ga yangi rahbar tayinlandi

Xujanov Aziz Majidovich «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda poytaxt transport xizmati ma’lum qildi.
Aziz Xujanov 1985-yilda tug‘ilgan. 2008-yilda Plekhanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetini, 2012-yilda esa O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Ushbu lavozimga tayinlanishdan oldin Xujanov Transport vazirligi Ijro intizomi va nazorat boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.
Xujanov 2005-yilda Toshkent shahar Binolarni ta’mirlash boshqarmasida o‘z mehnat faoliyatini boshlagan. Shu vaqtgacha u turli davlat va korporativ lavozimlarda, jumladan, «O‘zkommunxizmat» agentligi va Toshkent shahar Uchtepa tumani hokimligi tizimida ishlagan.
Ma’lumot uchun, «Тoshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi lavozimida Sanjar Sattarov faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi tashkil etilgan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasiga rais tayinlangani haqida xabar bergan edik.