Bangladeshda zilzila oqibatida 5 kishi xalok bo‘ldi

Bangladeshda 5,7 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila natijasida besh kishi, shu jumladan bir bola halok bo‘lgan va 100 ga yaqin kishi jarohatlangan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Zilzila epitsentri Narsingdi shahrida, Dakkadan taxminan 40 km sharqda joylashgan. Tabiiy ofat oqibatida Dakka universiteti talabalari, Gazipur shahridagi zavod ishchilari va Narsingdi aholisi jarohat olgan. Politsiya zilzila vaqtida olti qavatli bino panjarasining qulashi oqibatida uch kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Sog‘liqni saqlash bo‘yicha maslahatchi Nurjaxon Begum Narsingdidan kasalxonaga olib kelingan bir necha jarohatlanganlarning ahvoli og‘ir ekanligini bildirdi. Dakka aholisi kuchli silkinishlarni sezganida, binolar silkinib, ayrim inshootlar qulab tushgan.
«Biz kuchli silkinishni his qildik. Binolar xuddi daraxtlardek qaltiradi», — dedi mahalliy aholi vakili.
Yer silkinishlari qo‘shni Hindistonning Bangladesh bilan chegaradosh sharqiy shtatlarida ham sezilgan, biroq u yerdan jiddiy vayronagarchiliklar kuzatilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vyetnamdagi suv toshqinlari oqibatida kamida 41 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.