
O‘zbekistonda chet ellik fuqarolar mamlakatda sotib olingan tovarlar uchun QQSni naqd pulda, bevosita mamlakatni tark etayotganda qaytarib olish imkoniga ega bo‘ladilar. Bu haqda davlat rahbari qarorida qayd etildi.
2026-yil 1-martdan boshlab Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bir qator yo‘nalishlarni moliyalashtira boshlaydi. Har yili eng yaxshi 10 turizm startapiga yangi xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha xarajatlarning 50% gacha subsidiya ajratiladi. Biroq loyiha uchun maksimal summa 1 mlrd so‘mni tashkil etadi. Mehmonxonalar ham xalqaro «yashil» sertifikatlarni olish xarajatlarining yarmiga kompensatsiya oladi.
2026-yil 1-apreldan boshlab, xalqaro konferensiyalarni tashkil qiladigan va unda kamida 100 nafar chet ellik mehmonni jalb qiladigan tadbirkorlar to‘langan QQSning 50% ini qaytarib olish imkoniga ega bo‘ladi.
2027-yil 1-yanvargacha turizm sohasida faoliyat yuritadigan biznes uchun bir qator bojxona imtiyozlari amal qiladi. Turizm xizmatlari uchun import qilinadigan avtobuslar, elektroavtobuslar va mikroavtobuslar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.
Qoraqalpog‘istondagi tur operatorlar ekstremal sayohatlar uchun maxsus avtomobillarni soddalashtirilgan tartibda olib kirishlari mumkin. Bunda, boj va utilizatsiya yig‘imining 25% ni to‘lab, uch yilga bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, barcha transport vositalari uchun yagona sertifikat olinadi.
2030-yil 1-yanvargacha Brand Finance reytingining eng yaxshi 50 brendidan biri nomi ostida mehmonxonalar qurayotgan va ular bilan oldindan kelishuvga ega bo‘lgan tadbirkorlar mehmonxona qurilishi va jihozlari uchun bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.
Shuningdek, Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi O‘zbekistonda film suratga olayotgan studiyalarga xarajatlarning bir qismini qaytarishni muvofiqlashtiradi. Davlat byudjeti xarajatlarning 10–25% gacha kompensatsiya beradi. Har bitta film uchun maksimal summa 4 mlrd so‘mni tashkil qiladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-martdan boshlab O‘zbekistonning turizm salohiyati, tarixi va madaniyati namoyish etiladigan filmlar moliyalashtiriladi. Bu shartnomalar chet ellik kinostudiyalar bilan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tuziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq turizm uchun olib kelinadigan avtobus va elektrobuslar bojxona bojidan ozod etilishi haqida yozgan edik.