Yangiliklar

Eron poytaxti boshqa hududga ko‘chirilishi rejalashtirilmoqda

Tehronda yashash va rivojlanish yanada murakkablashgan
Eron
Foto: Euronews

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkian mamlakat poytaxtini Tehrondan boshqa hududga ko‘chirish majburiy choraga aylanganini ma’lum qildi. Bu haqda Fars agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, davlat rahbari bu masalani kechiktirib bo‘lmasligini ta’kidlagan. Pezeshkianning aytishicha, avval davlat budjeti bunday ulkan loyihani amalga oshirishga imkon bermagan. Ammo hozirgi sharoit Tehronda yashash va rivojlanish yanada murakkablashganini ko‘rsatmoqda.

Prezident mamlakatda davom etayotgan ekologik inqirozga ham e’tibor qaratdi. Eronda yog‘ingarchilik miqdori odatdagi me’yorlardan 89 foizga kamaygan va joriy kuz so‘nggi 50 yildagi eng quruq mavsumga aylangan.

Tehronning suv yetishmovchiligi, havoning keskin ifloslanishi va tuproqning cho‘kishi kabi muammolari yillar davomida chuqurlashib kelayotganini aytgan Pezeshkian poytaxtni janubiy qirg‘oqqa yaqin hududga ko‘chirish taklifi 2024-yilda ham ko‘tarilganini eslatdi.

Eron rahbariyatida poytaxt joylashuvini o‘zgartirish borasidagi fikrlar yangilik emas, ya’ni 2013-yilda Islomiy maslahat kengashi ham shunday tashabbusni ma’qullagan edi. Endilikda esa bu masala yana kun tartibiga qaytdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron qurg‘oqchilik sabab bulut «ekish» amaliyotini kuchaytirayotgani haqida yozgandi.