
FIFA 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining birinchi rasmiy posterini muxlislar e’tirozidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlardan olib tashladi. Bu haqda SportBible xabar bermoqda.
Tanqidga sabab bo‘lgan ushbu rasmda Portugaliya jamoasi Krishtianu Ronaldu emas, balki yarim himoyachi Bruno Fernandesh bilan tasvirlangan. Olib tashlangan posterda Jahon chempionatiga allaqachon yo‘llanma olgan 42 ta jamoaning bittadan futbolchisi ko‘rsatilgan.
Portugaliya vakili sifatida 5 karra «Oltin to‘p» sohibi bo‘lgan Ronaldu o‘rniga «Manchester Yunayted» klubi yarim himoyachisi Bruno Fernandesh kiritilgani muxlislarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Posterda O‘zbekiston vakili sifatida Eldor Shomurodov tanlangan.

Hozirda 40 yoshda bo‘lgan va Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubida to‘p surayotgan Ronaldu «JCh-2026» o‘zining so‘nggi mundiali bo‘lishini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, Jahon chempionati 2026-yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqada ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadi, final uchrashuvi esa Nyu-Jersi shtatidagi «Metlayf» stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ronaldu Saudiya delegatsiyasi bilan birgalikda Oq uyga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edi.