Yangiliklar

Ichan-qal’a majmuasi “aqlli” muzey-shahar sifatida rivojlantiriladi

Samarqandda esa “Meros yo‘li” turistik marshruti tashkil etiladi
Ichan-qal’a majmuasi «aqlli» muzey-shahar sifatida rivojlantiriladi / Foto: Tourquality

Prezident qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyati rasman tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, qo‘mita turizm sohasini tartibga solish va uni jadallik bilan rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshiradigan ijro etuvchi organ sifatida belgilandi. 2030 yilga qadar turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 3,5 foizdan 7 foizga yetkazilishi, shuningdek, chet ellik turistlar soni yiliga 10 mlndan 20 mlngacha oshirilishi rejalashtirilgan.

2026–2028 yillarda bir qator yirik loyihalar amalga oshiriladi. Jumladan, Samarqand shahridagi eng muhim tarixiy obyektlarni bog‘laydigan 6,6 km uzunlikdagi «Meros yo‘li» turistik marshruti tashkil etiladi. Shu bilan birga, Xiva shahridagi Ichan-qal’a majmuasi dunyoda yagona bo‘lgan imersiv va «aqlli» muzey-shahar ko‘rinishida rivojlantiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi kampusi tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.