
Endilikda «prava» uchun o‘quv kurs xarajatlarini qoplash bo’yicha subsidiya haydovchilik guvohnomasining «A», «B», «D» va «DE» toifalarini olish uchun to‘lab beriladi. Bu bo‘yicha «Yoshlar daftari» jamg‘orqali ijtimoiy yordam ko’rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, farmonning asosiy maqsadlari etib 16 ming nafar «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish, «Mutolaa» loyihasi doirasida ilmiy-ommabop, badiiy kitoblarni muntazam o‘qib boruvchi yoshlarning ulushini 10 foizga oshirish va «Ibrat farzandlari» loyihasi doirasida xorijiy tillarni o’zlashtirgan yoshlar ulushini 30 foizga oshirish belgilandi.
Shuningdek, 2026-yil 1-fevraldan belgilangan ijtimoiy yordam turlari Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga ijtimoiy shartnoma orqali quyidagi shartlar asosida taqdim etiladi:
- ta’lim olishni uzluksiz ravishda amalga oshirib borish;
- ta’lim jarayonida ijobiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishish;
- volontyorlik faoliyatini amalga oshirish;
- «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasidagi loyihalarda qatnashish.
Ijtimoiy shartnoma shartlarini bajargan yoshlar rag’batlantiriladi
Shuningdek, farmon bilan ijtimoiy shartnomaning bajarilmagan shartlarini 15 kun ichida bajarish to‘g‘risida ogohlantirish, ijtimoiy yordam miqdorlarini 15 foizdan 30 foizgacha kamaytirish, ijtimoiy yordam ko‘rsatishni 1 oydan 6 oygacha vaqtinchalik to‘xtatish belgilandi.
Shu bilan birga, ijtimoiy yordam ko‘rsatishni 1 yil va undan ortiq muddatga to‘xtatish ham topshirildi.
Ijtimoiy shartnoma shartlarini muntazam ravishda kamida 6 oy davomida yuqori darajada bajargan yoshlar quyidagicha rag‘batlantiriladi:
- unga imtiyozli ravishda navbatdan tashqari ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi;
- eng yaxshi ming nafar yoshlar har yili bir marta BHMning 3 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
- yoshlarning tashabbuskorligi va faolligini rag’batlantirishga qaratilgan mukofotlarga tavsiya etiladi.
Ayrim yoshlarning to‘lov-kontrakt summasi bir qismi qoplab beriladi
2026-yil 1-fevraldan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga quyidagi imtiyozlar beriladi:
- safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash tartibi joriy etiladi hamda ushbu maqsad uchun subsidiya ajratish tartibi bekor qilinadi;
«Yoshlar daftari» jamg‘armalari orqali:
- avtomototransportlar haydovchilarini tayyorlash o‘quv kursi xarajatlarini qoplash bo‘yicha subsidiya haydovchilik guvohnomasining «A», «B», «D» va «DE» toifalarini olish uchun to‘lab beriladi;
- kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalarining kontrakt summasi 50 foizgacha qismi tuzilgan ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib to‘lanadi hamda 1 o‘quv yili uchun BHMning 50 baravaridan oshmasligi lozim;
- ayni bir shaxs 1 yil davomida turli ijtimoiy yordamlardan ko‘pi bilan 2 marta foydalanishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kredit qarzini ijtimoiy nafaqa va yordam pullaridan undirish taqiqlangani haqida yozgandi.