Yangiliklar

Indoneziyaning Yava hududida ko‘chki sababli 30 kishi qurbon bo‘ldi

21 nafar fuqaro bedarak yo‘qolgan
Indoneziyda yog‘ingarchilik ko‘chkilarni keltirib chiqardi / Foto: France 24 Bakhtiar RAHMAN

Indoneziyaning Markaziy Yava provinsiyasidagi ikki hududda kuchli yog‘ingarchiliklar sababli sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida halok bo‘lganlar soni 30 kishiga yetdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Mamlakat Falokatlarni yumshatish agentligi (BNPB) Cilacap va Banjarnegara viloyatlarida ko‘chkidan so‘ng 21 kishi bedarak yo‘qolganini ma’lum qildi. Agentlik vakili Abdul Muharining 20-noyabr kuni bergan bayonotiga ko‘ra, eng ko‘p talafot ko‘rgan Banjarnegara hududida qurbonlar soni 10 kishiga yetdi, 18 kishi esa bedarak yo‘qolgan.

«Biz qidiruvda bir qancha to‘siqlarga duch kelyapmiz, xususan, doimiy suv oqimi bilan to‘lgan ko‘chki o‘chog‘i va yog‘ingarchiliklar tufayli yangi ko‘chkilar xavfi saqlanib qolmoqda», – dedi Muhari.

Foto: Reuters

Falokat natijasida o‘nlab uylar shikastlangan, 7 kishi jarohatlangan va 900 dan ortiq aholi evakuatsiya qilingan. Qidiruv ishlarida politsiya va harbiy xizmatchilarni o‘z ichiga olgan 700 dan ortiq qutqaruvchilar ishtirok etmoqda, jarayonni tezlashtirish uchun ekskavatorlar ham jalb qilingan.

Cilacap viloyatida halok bo‘lganlar soni 20 nafarga, bedarak yo‘qolganlar soni 3 nafarga yetdi. Bu yerdagi qidiruv operatsiyalari keyingi haftagacha uzaytirilgan va qariyb 400 aholi evakuatsiya qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Filippinda «Fung-Vong» to‘fonidan halok bo‘lganlar soni 18 nafarga yetgani haqida xabar bergan edi.