Sport

Islom Maxachev UFC reytingida yana birinchi o‘ringa qaytdi

Foto: BBC

UFC’ning yarim o‘rta vazn toifasidagi chempioni, rossiyalik Islom Maxachev vazn toifasidan qat’iy nazar eng yaxshi jangchilar (P4P) reytingida yana birinchi pog‘onani egalladi.

O‘tgan hafta Nyu-Yorkda o‘tkazilgan UFC 322 turnirining asosiy jangida u Jek Della Maddalenani mag‘lub etib, yarim o‘rta vazn toifasidagi titulni qo‘lga kiritdi. Maxachev shu tariqa ikki vaznda chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan birinchi rossiyalik jangchi bo‘ldi.

34 yoshli jangchi avval 70 kgda yengil vazn chempioni sifatida to‘rt marta kamarni muvaffaqiyatli himoya qilgan edi. Maxachev yarim o‘rta vaznga o‘tish maqsadida may oyida ushbu unvonni bo‘shatishga majbur bo‘lgan. Yangilangan reytingda Maxachev kelib chiqishi gruzin bo‘lgan ispan jangchisi Iliya Topuriyani ortda qoldirdi.

Foto: beIN SPORTS

Topuriya Maxachev bo‘shatgan yengil vazn kamarini yutib olganidan so‘ng, 1-iyul kuni P4P reytingida yetakchiga aylangan edi. 18-noyabr holatiga ko‘ra, UFC’ning P4P reytingining kuchli beshligi quyidagicha ko‘rinish oldi:

  1. Islom Maxachev (Rossiya);
  2. Iliya Topuriya (Ispaniya);
  3. Merab Dvalishvili (Gruziya);
  4. Xamzat Chimayev (BAA);
  5. Aleksandr Pantoja (Braziliya).

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Islom Maxachev chempionlik jangidan qancha ishlab topgani haqida xabar bergan edi.