Yangiliklar

O‘zbekiston uyushgan jinoyatchilik reytingida 108-o‘ringa tushdi

193 mamlakat orasida sakkiz pog‘ona pastladi
O‘zbekiston uyushgan jinoyatchilik reytingida 108-o‘ringa tushdi
O‘zbekiston uyushgan jinoyatchilik reytingida 108-o‘ringa tushdi / Foto: depositphotos

O‘zbekiston yangilangan Global Organized Crime Index 2025 reytingida 193 mamlakat orasida sakkiz pog‘ona pastlab, 108-o‘rinni egalladi.

Jinoyatchilikning umumiy ko‘rsatkichi 4,93 ballni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 0,02 punktga kamaydi. Biroq ballning biroz yaxshilanishi O‘zbekistonning reytingdagi pasayishini to‘xtatib qola olmadi.

Osiyoda respublika 46 ta davlat ichida 31-o‘rinda, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida esa sakkizta davlat ichida to‘rtinchi o‘rinda turibdi.

Davlatning barqarorligi pasaydi

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi tura olish qobiliyatini ifodalovchi barqarorlik ko‘rsatkichi 3,83 ballgacha (−0,04) kamaydi.

Shuningdek, barqarorlik bo‘yicha dunyo reytingida O‘zbekiston ikki pog‘ona pastlab, 140-o‘rinni egalladi. Osiyoda 31-o‘rin, mintaqada esa o‘zgarishsiz 5-o‘rin.

Tahlilchilarga ko‘ra, barqarorlikning pasayishiga quyidagi omillar sabab bo‘lmoqda:

  • davlat boshqaruvi shaffofligining pastligi;
  • zaif sud tizimi va sudlardagi korrupsiya;
  • nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) va jurnalistlar uchun cheklovlar;
  • iqtisodiyotni samarasiz tartibga solish;
  • kuch tuzilmalari va bojxonadagi korrupsiya.

Asosiy jinoyat bozorlari

Odam savdosi bo‘yicha ko‘rsatkich 8,0 ballni tashkil etdi. Bu mamlakatdagi barcha jinoiy bozorlar orasida eng yuqori daraja hisoblanadi.

Holatlarning deyarli yarmi yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni sotish bilan bog‘liq ekani mutaxassislarni jiddiy xavotirga solmoqda. Shuningdek, ko‘plab erkaklar Rossiya va Osiyo davlatlarida mehnat jarayonida ekspluatatsiya qilinmoqda. So‘nggi yillarda esa ijtimoiy tarmoqlar yordamida odamlarni yollash va ularni boshqa davlatlarga tashish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro sxemalar ancha kengaygan.

Kontrafakt — 4,5 ball

Qalbaki dori-darmonlar, alkogol, agrokimyo va elektronika bozori o‘sib bormoqda. Bunda asosiy tarqalish nuqtalari – Farg‘ona va Toshkentning yirik bozorlari.

Resurslarning noqonuniy savdosi — 5 ball

Har yili 30 mingga yaqin kishilar noqonuniy oltin qazib olish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, neft-gaz sohasida korrupsion sxemalar va shaffoflik muammolari mavjud.

Narkotrafik

O‘zbekiston afg‘on geroini uchun tranzit yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Kannabis va gashish savdosi o‘sib bormoqda. 2024-yilda mefedronning yirik laboratoriyasi aniqlandi. Bu esa sintetik giyohvand moddalarning mamlakat ichida o‘rnashib qolganidan dalolat beradi.

Kiberjinoyatlar va firibgarlik

Davlat idoralari va biznesga kiberhujumlar soni keskin oshdi. Bank kartalaridan o‘g‘irliklar ko‘paymoqda, asosan, qo‘ng‘iroqlar va firibgarlar o‘zlarini bank xodimlari deb tanishtirgan sxemalar ko‘p uchraydi.

Uyushgan jinoyatchilik ortida kimlar turadi

  • Qonundagi o‘g‘rilar – o‘z ta’sirini saqlab qoladi, ba’zan ayrim amaldorlar niqobidan foydalanadi.
  • Jinoiy tarmoqlar – odam savdosi, giyohvand moddalar va noqonuniy o‘ljalar bilan shug‘ullanuvchi tarqoq guruhlar.
  • Poraxo‘r davlat xizmatchilari – sxemalarda ishtirok etadi va jinoyatchilarga javobgarlikdan qochishga yordam beradi.
  • Biznes tuzilmalari – pul yuvish operatsiyalari o‘tkaziladigan kompaniyalar va banklar.

Avvalroq Toshkent viloyati aholisi qo‘lidan sakkiz mingta o‘tkir tig‘li buyum topilgani xabar qilingandi. Hisobotlarga ko‘ra, PPX xodimlari ishtirokida jami 294 ta jinoyat aniqlangan bo‘lsa, shundan 189 tasi bevosita ularning sa’y-harakatlari bilan fosh etilgan. 136 ta holatda esa jinoyat sodir etilishidan avval uning oldi olingan.

Shuningdek, 2024-yilda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgan. Raqamlarga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki olti oyida esa 102 ta oliy ta’lim muassasasida 307 nafar talaba turli jinoyatlarga qo‘l urgan. Bunda asosiy jinoyatlar yo‘l-transport hodisalari, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, bezorilik va firibgarlik bilan bog‘liq.