O‘zbekistonda «Shajara» axborot tizimi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonda «Shajara» axborot tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta’lim sohalariga doir taqdimot bilan tanishdi.
Unda ushbu yo‘nalishlarni modernizatsiya qilish rejalari ma’lum qilindi. Xususan, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti bilan birga intellektual mulk sohasini rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiya ishlab chiqiladi.
Rejaga ko‘ra, patent va guvohnomalarga o‘zgartirish kiritish jarayonlari soddalashtiriladi. Bundan tashqari, beshta yangi kompozit xizmat va to‘rtta proaktiv xizmat joriy etiladi.
Barcha oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida patentlash, ishlab chiqarishga joriy etish va tijoratlashtirishga ko‘mak beradigan maxsus markazlar ochiladi. Avvaliga Milliy universitetda, keyin yana to‘rtta oliygohda «Intellektual mulk obyektlari menejmenti» yo‘nalishi tashkil etiladi.
Shuningdek, milliy geografik ko‘rsatkichlar tizimini mustahkamlash zarurligi aytildi. Yaqin yillarda yetmishga yaqin geografik ko‘rsatkichni ro‘yxatdan o‘tkazish, Lissabon tizimiga qo‘shilish orqali mahalliy mahsulotlar qiymatini va eksport salohiyatini oshirish rejalashtirilgan.
Arxiv ishida «Shajara» axborot tizimi yaratiladi
Taqdimotda 2030-yilgacha arxiv fondining 60 foizini raqamlashtirish, noyob hujjatlarni to‘liq raqamli shaklga o‘tkazish belgilandi.
Shu maqsadda barcha axborot tizimlarini Yagona milliy arxiv platformasiga birlashtirish rejalashtirilgan. Bunda hujjatlar radiochastotali identifikatsiya (RFID) texnologiyasi orqali hisobga olinadi va ularni kuzatish va tasniflashda sun’iy intellektdan foydalaniladi.
Shuningdek, taqdimotda «Shajara» axborot tizimini yaratish taklifi ilgari surildi. Bu tizim orqali aholiga o‘z shajarasini tuzishi, tug‘ilish, nikoh va o‘lim haqidagi ma’lumotlarni olishi mumkin. Bundan tashqari, genetik ma’lumotlar asosida uzoq qarindoshlarni izlash imkoniyati ham yaratiladi.
Yuridik klinikalar tashkil etiladi
Prezidentga Toshkent davlat yuridik universitetida klinik va dual ta’lim tizimini joriy etish taklif qilindi. Bunda talabalar amaliyot darslarining ulushi 50 foizga yetkaziladi. Fuqarolik, jinoyat va biznes huquqi bo‘yicha yuridik klinikalar tashkil etiladi.
Shuningdek, zamonaviy talablar asosida «Raqamli huquq» va «Korporativ huquq va boshqaruv» kabi yangi yo‘nalishlar ochiladi. Fakultetlarning tuzilmasi yangilanib, «ta’lim – tadqiqot – amaliyot» zanjirini mustahkamlash rejalashtirilgan.
Taqdimotda qonunchilikdagi eskirgan 800 ga yaqin hujjatni bekor qilish, 77 tasini qayta ko‘rib chiqish va tadbirkorlikka to‘sqinlik qilayotgan ortiqcha talablarni qisqartirish belgilandi.
Avvalroq tergov faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, 3-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev narkojinoyatlar, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va prokuror nazoratini raqamlashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda mavjud muammolar ko‘rib chiqilib, ularni bartaraf etish uchun yangi chora-tadbirlar belgilandi.