
O‘zbekiston ichki valyuta bozorida 2025-yilning yanvar–oktabr oylarida talab va taklif dinamikasi sezilarli faollik bilan davom etdi. Markaziy bank sharhiga ko‘ra, bozordagi umumiy valyuta taklifi o‘sish sur’atlari talabdan biroz yuqori bo‘lib, milliy valyuta kursining mustahkamlanishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Talab va taklif: $48,4 mlrd talabga qarshi $41,2 mlrdlik taklif
Xorijiy valyutaga bo‘lgan talab $48,4 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga oshdi. Taklif esa $41,2 mlrdga yetib, yil davomida 26 foizlik o‘sishga erishdi.
Unga ko‘ra, eksport tushumlari va xalqaro pul o‘tkazmalarining ortishi bozorni qo‘shimcha valyuta bilan ta’minlagan. Jarayonda yuzaga kelgan ortiqcha likvidlik Markaziy bankning sterilizatsiya operatsiyalari orqali muvozanatga keltirilgan.
Yuridik shaxslar: valyuta taklifi talablardan tezroq oshmoqda
2025-yilning dastlabki 10 oyida yuridik shaxslarning valyuta talabi 24 foizga o‘sgan bo‘lsa, ular tomonidan bozorga taklif qilingan valyuta hajmi 38 foizga ko‘paydi. Eksport tushumlari hisobidan shakllangan valyuta taklifi $14,5 mlrdga yetdi, shundan $8,1 mlrdi ichki bozorda sotildi, bu o‘tgan yilga qaraganda 23 foiz ko‘p.
Banklar ham xorijiy kreditlar hisobidan $7,3 mlrdlik valyutani sotuvga chiqardi. Bu ko‘rsatkich ham o‘tgan yilga nisbatan 62 foizga oshgan.
Importni moliyalashtirishda ichki bozordan xarid qilingan valyuta ulushi 64,8 foizni tashkil etdi, bu 2024-yilga yaqin ko‘rsatkich. Chet el valyutasidagi o‘z mablag‘lar ulushi esa 23,7 foiz bo‘ldi.
Aholidan kelayotgan valyuta taklifi bozor barqarorligining asosiy manbalaridan
Jismoniy shaxslar tomonidan tijorat banklariga $17,4 mlrd sotilgani qayd etilgan. Bu 2024-yildagi ko‘rsatkichdan qariyb 1,3 barobar ko‘p. Aholi tomonidan xarid qilingan valyuta miqdori esa $9,6 mlrdni tashkil etib, 24 foizga oshdi.
Shu tariqa, aholi taklifi talabdan $7,8 mlrdga ko‘proq bo‘ldi. Xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi ham 25 foizga o‘sib, $15,8 mlrdga yetdi. O‘zbekistondan boshqa davlatlarga pul oʻtkazmalarining kamayishi fonida (-$147 mlnga) ichki bozorga kirib kelayotgan valyuta miqdori yanada ko‘paydi.
So‘m kursi mustahkamlanishda davom etdi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–oktabr oylarida milliy valyuta kursi 7 foizga mustahkamlandi. Kurs dinamikasiga ichki bozordagi taklifning ko‘payishi, eksport tushumlarining oshishi, chetdan kirib kelayotgan investitsiya va kredit oqimlari hamda xalqaro pul o‘tkazmalarining ko‘payishi ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 21-noyabr uchun valyuta kurslari e’lon qilingani haqida yozgandi.