
Afina shahrida O‘zbekistonning Gretsiyadagi yangi elchisi Abat Fayzullayev prezident Konstantinos Tasulasga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Marosimda boshqa davlat elchilari ham ishtirok etdi. Gretsiya rahbari ularni tabriklab, faoliyatiga omad tiladi va ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirishga hissa qo‘shishiga umid bildirdi.

Suhbat chog‘ida prezident Tasulas dunyoda geosiyosiy vaziyat murakkablashib borayotgan bir paytda O‘zbekiston rahbariyatining muvozanatli diplomatiyasi mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. U, shuningdek, O‘zbekiston va Gretsiya o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi.
Avvalroq Yaponiya va Dominikanning O‘zbekistondagi yangi elchilari tayinlangani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Yaponiya elchisi Kenji Hirata hamda Dominikan respublikasining elchisi Alexandro Arias Sarsuela O‘zbekistonda o‘z diplomatik faoliyatlarini boshladi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ulardan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib olganini ma’lum qildi.