Yangiliklar

Qish mavsumi uchun ob‑havo prognozi e’lon qilindi: yanvarda anomal sovuq kutilmoqda

Fevralning ikkinchi yarmidan havo iliydi
Снег в Ташкенте
Yanvarda anomal sovuq kutilmoqda / Foto: Kursiv Uzbekistan

«O‘zgidromet»ning ma’lum qilishicha, joriy yilning dekabr oyida havo normadan biroz issiqroq bo‘lishi kutilmoqda.

O‘rtacha oylik harorat normaga nisbatan 1-1,5° baland bo‘ladi. Birinchi o‘n kunlikda havo asosan iliq: kechasi 0…+5°, kunduzi +10…+15°. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat keskin o‘zgarib turadi: kechasi +2…+7° dan 0…–5° gacha, kunduzi +12…+17° dan +2…+7° gacha. Oylik yog‘ingarchilik miqdori norma atrofida yoki undan kam bo‘lishi kutilmoqda.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/11/video_2025-11-21_17-41-23.mp4

Yanvarda anomal sovuq kutiladi

Yanvar oyi umumiy holatda normaga yaqin, ayrim hududlarda biroz sovuqroq bo‘ladi. Birinchi va ikkinchi o‘n kunliklarda harorat katta diapazonda o‘zgarib turadi: kechasi +3…+8° dan –3…–8° gacha, kunduzi +10…+15° dan –2…+3° gacha. Uchinchi o‘n kunlikda anomal sovuqlar kutilmoqda: ko‘pchilik hududlarda kechasi –12…–17°, kunduzi –5…–10°, Nukus va Urganch atroflarida kechasi –20…–25° gacha tushishi mumkin.

Fevralning ikkinchi yarmidan havo iliydi

Fevral oyi ko‘p yillik normalarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Birinchi o‘n kunlikda anomal sovuqlar davom etadi: kechasi –5…–10°, kunduzi –3…+2°. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda havo sezilarli iliydi: kechasi –2…–7° dan +3…+8° gacha, kunduzi 0…+5° dan +10…+15° gacha. Janubiy hududlarda kunduzgi harorat +15…+20° gacha ko‘tarilishi mumkin. Yog‘ingarchilik me’yor doirasida bo‘ladi.

Gidrometeorologiya xizmati agentligiga ko‘ra, mazkur prognoz aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini sovuq va noqulay ob-havo sharoitlariga tayyorlash maqsadida tayyorlangan. Ob-havo sharoitlariga qarab o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.

Avvalroq «O‘zgidromet» poytaxtdagi yomon havo sifati yana bir necha kun davom etishini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, Toshkent va boshqa hududlarda havoning ifloslanishi yuqori darajada saqlanadi. Bunga havo sharoiti, xususan, harorat inversiyasi sabab bo‘ladi. Bu jarayonda issiq havo sovuq havoning ustida to‘planib, vertikal harakatlanish cheklanadi va ifloslantiruvchi moddalar yig‘iladi.