Rossiyada migrantlar uchun tibbiy sug‘urta qoidalari murakkablashdi

Rossiyada migrantlar uchun tibbiy sug‘urta polisini olish tartibi o‘zgardi. Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinning ma’lum qilishicha, yangi qonun migrantlarning bepul tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini cheklaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, Rossiyada kamida besh yil davomida qonuniy mehnat qilgan migrantlargina bepul tibbiy yordam olish huquqiga ega bo‘ladi. Faqat favqulodda holatlar bundan mustasno, bunday vaziyatlarda tibbiy sug‘urta bor-yo‘qligidan qat’i nazar yordam ko‘rsatiladi.
Volodinning fikricha, Rossiyaning ijtimoiy kafolatlaridan foydalanmoqchi bo‘lgan xorijliklar bu huquqni halol mehnat bilan isbotlashi kerak.
Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar 2025-yil sentyabr oyida hukumat tomonidan kelgusi uch yillik budjet paketi doirasida ishlab chiqilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan migrantlar uchun imtiyozli sugʻurta tariflari joriy etilishi haqida yozgandi.
Yangi tartibga koʻra, sugʻurta kompaniyalariga migrantlar uchun imtiyozli tariflar va maxsus sugʻurta mahsulotlarini ishlab chiqish tavsiya etilgan. Qamrovga xorijda mehnat faoliyati davridagi hayot va sogʻliq sugʻurtasi, patent yoki ruxsatnoma rad etilishi xavfi, ishga joylashish uchun olingan kreditlar qaytmasligi bilan bogʻliq risklar, shuningdek, Oʻzbekistonda ixtiyoriy tibbiy sugʻurta polisi berish yoki migrant boʻlgan mamlakatda assistans orqali tibbiy yordamni tashkil etish kiradi.
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan boshlab Rossiyaning bir qator hududlarida mehnat migrantlari uchun patentlar narxi oshadi. Hududiy hokimliklar yangi koeffitsiyentlarni tasdiqladi, ular orqali migrantlar to‘laydigan oylik soliq miqdori aniqlanadi.
Patent narxlar:
- Tyumen viloyatida 11,5 ming rublga;
- Kamchatka o‘lkasida 13,8 ming rublga;
- Irkutsk viloyatida 12 ming rublga;
- Novosibirskda 10,9 ming rublga;
- Krasnodarda 27 ming rublga;
- Sverdlovsk viloyatida 9,5 ming rublga;
- Primorskiy o‘lkasida esa 13,8 ming rubl etib belgilandi.