Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi kampusi tashkil etiladi

Prezident qaroriga muvofiq, BMTning Butunjahon turizm tashkiloti huzurida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, akademiya «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tarkibida faoliyat yuritadi hamda o‘zbek, rus va ingliz tillarida ta’lim beradi. Yangi markaz dunyodagi eng nufuzli top-10 ta’lim tashkilotlaridan biri bilan hamkorlik o‘rnatib, shu asosda malakali mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.
Shuningdek, 1 oygacha bo‘lgan malaka oshirish kurslari va 8 oygacha mo‘ljallangan qayta tayyorlash dasturlarini tashkil etish ham Akademiyaning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
2025-yil 1-dekabrdan boshlab turizm sohasi xodimlari shartnoma asosida qayta tayyorlanadi va malakasini oshiradi. Har yili Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo davlatlarning 100 nafar iqtidorli mutaxassisi uchun Akademiya dasturlarida tahsil olish bo‘yicha maxsus grantlar ajratilishi ham belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda chet ellik fuqarolar mamlakatda sotib olingan tovarlar uchun QQSni naqd pulda qaytarib olishlari mumkinligi haqida xabar bergan edik.