Gadjetlar

Samsung o‘zining ilk aqlli ko‘zoynaklari haqida yangi ma’lumotlarni oshkor qildi

Ko‘zoynaklar fotoxrom linzalar bilan jihozlanadi
Ras,m Grok SI yordamida yaratilgan

Yaqin kunlarda bozorga chiqarilishi kutilayotgan Samsung aqlli ko‘zoynaklari haqida yangi ma’lumotlar tarqaldi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.

Yangilikka ko‘ra, ushbu gadjet odatiy ko‘zoynaklardan deyarli farq qilmaydi va juda yengil bo‘ladi.

Ko‘zoynaklar fotoxrom linzalar bilan jihozlanadi. Ular atrof yorug‘ligiga qarab avtomatik ravishda qorayadi yoki ochiladi. Qurilmada kamera ham bo‘ladi. Oldingi ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya 12 megapikselli Sony IMX681 datchigini sinovdan o‘tkazgan, u asosan qo‘l harakatlarini aniqlash uchun mo‘ljallangan.

Qurilma imkon qadar yengil bo‘lishi uchun asosiy hisoblash jarayonlarini ko‘zoynakning o‘zi emas, balki unga ulangan smartfon bajaradi. Bu esa batareya hajmi ham katta bo‘lmasligini anglatadi. Hozircha 155 mA/soat sig‘imga ega akkumulyator haqida ma’lumot berilgan. Uning qancha vaqtga yetishi hozircha noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Galaxy A57 taqdimoti oldidan texnik tafsilotlari ma’lum bo‘lgani haqida yozgan edi.