
Qozog‘iston futboli faxriysi Bulat Yesmagambetov O‘zbekiston ilk bor Jahon chempionatiga chiqqaniga qaramay, Qozog‘iston terma jamoasi raqibidan kuchsiz emasligini aytdi. Bu haqda Fergana news xabar bermoqda.
«Ha, O‘zbekiston Jahon chempionatiga chiqdi, biz esa chiqa olmadik. Lekin terma jamoamiz O‘zbekistondan kuchsiz, deb o‘ylamayman. Ularning raqiblari orasida Belgiya yoki Uels bormidi? Yaponiya, Avstraliya va Janubiy Koreya boshqa saralash guruhlarida o‘ynashdi»
Qozoq futboli faxriysining aytishicha klublar o‘rtasidagi musobaqalarda holat butunlay boshqacha. Yevropa kuboklarini Osiyo turnirlari bilan solishtirib bo‘lmaydi.
«UEFA bu elita hisoblanadi va biz ular bilan raqobatlashamiz, ko‘pincha juda munosib darajada. Muxlislarimiz «Inter», «Real», «Arsenal» kabi jamoalarni ko‘rishmoqda, qozog‘istonlik futbolchilar esa ularga qarshi o‘ynab, o‘zlarini yaxshi namoyon etishmoqda», — dedi u.
Uning fikricha, terma jamoalar darajasini taqqoslash uchun eng yaxshi yo‘l bu ular o‘rtasidagi o‘zaro uchrashuvdir. Yesmagambetov milliy terma jamoalar darajasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslashdan ehtiyot bo‘lish kerakligini takidladi.
Avval Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonning uchta futbol klubi noyabr oyi oxirigacha xususiylashtirilishi haqida xabar bergan edi.