
Termizda 18 yoshli talaba binoning 14-qavatidan o‘zini tashlab vafot etdi. Bu haqda Milliy telekanalining «Millar» dasturida xabar berildi.
Unga ko‘ra, joriy yil 19-noyabr kuni soat 16:00 lar atrofida Termiz shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida 2007-yilda tug‘ilgan talaba yigit 14-qavatdan o‘zini tashlagan. U yiqilish oqibatida olgan tan jarohatlari sababli voqea joyida halok bo‘lgan.
Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, hozirda hodisa yuzasidan Termiz shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Avvalroq Olmazorda 50 yoshli erkak 10-qavatdan sakrab halok bo‘lgani xabar qilingandi. Qo‘shnilarining aytishicha, u aslida Qoraqalpog‘istondan bo‘lib, turmush o‘rtog‘i bilan ijarada yashagan. Fojia sodir bo‘lishidan oldin er-xotin o‘rtasida janjal chiqqani aytilmoqda.