Sport

Timur Kapadze Indoneziyada ko‘rinish berdi — video

Foto: O‘FA

O‘zbekiston terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadze Indoneziyada bo‘lib turgani haqidagi videolar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.

Kapadze terma jamoadan iste’foga chiqqanidan keyin bir nechta klublar va terma jamoalardan tushgan takliflarni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan edi. Mutaxassisning aynan shu vaqtda mamlakatda ekanligi uning Indoneziya terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimiga asosiy nomzodlardan biri ekanligi haqidagi taxminlarni yanada kuchaytiradi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/11/img_2536.mp4
Video: vivagoal instragram sahifasidan

Indoneziya terma jamoasiga 2025-yilning yanvar oyida niderlandiyalik sobiq futbolchi Patrik Klyuvert bosh murabbiy etib tayinlagan edi. Klyuvert qo‘l ostida terma jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazib, 3 g‘alaba, 1 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etdi. Jahon chempionatiga chiqish maqsadi bajarilmagach Klyuvert istefoga chiqarilgan edi.

Ma’lumot uchun, Kapadze O‘zbekiston U-23 terma jamoasini tarixda ilk bor Olimpiya o‘yinlariga olib chiqqan. Shuningdek, u Strechko Katanes sog‘lig‘idagi muammolar sabab iste’foga chiqqach terma jamoa boshqaruvini o‘z qo‘liga olib, Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Bu natija bilan u o‘zbek futboli tarixida o‘z nomini yozib qo‘ydi.

Tarixda o‘zbekistonlik murabbiylar boshqa terma jamoalarda ishlagan bir qancha holatlar mavjud. Ulardan biri Usmon Toshev 2018-yilda Tojikiston milliy jamoasida, keyinchalik 2024-yilda Afg‘oniston terma jamoasining bosh murabbiyi sifatida ishlagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Timur Kapadze Indoneziya termasini boshqarishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.