Yangiliklar

Toshkentda 160 MVA quvvatga ega yangi nimstansiya qurilishi boshlandi

Obyektni 2026-yilning ikkinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan
Foto: «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasi

Toshkent shahrining Yangi hayot tumanida 160 MegaVolt-Amper (MVA) quvvatga ega zamonaviy nimstansiya barpo etilmoqda. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga ma’lumot taqdim etildi.

Mazkur obyekt «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasida (MSZ) barpo etilmoqda. Loyiha Toshkent energetika infratuzilmasini yangilash va kengaytirish dasturiga kiritilgan. Yangi nimstansiya ishga tushgach, «Yangi avlod» MSZ rezidentlari uzluksiz elektr bilan ta’minlanadi, tuman aholisining elektr energiyasi sifati va barqarorligi sezilarli darajada yaxshilanadi.

Yangi obyekt ikkita 80 MVA quvvatli transformator bilan jihozlanadi. Ularga ulangan o‘nta taqsimlash shoxobchasi har biri o‘rtacha 20 tadan korxona va obyektni ulash imkonini beradi. Loyihada har bir rezident uchun alohida yuqori voltli yo‘laklar ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ishlab chiqarishlarni avariya sababli o‘chishlardan himoya qiladi va energiya ta’minotining uzluksizligini ta’minlaydi.

Hozirda nimstansiya binosining qurilishi, taqsimlash majmualari va texnik infratuzilma bo‘yicha loyihalash ishlari olib borilmoqda. Obyektni 2026-yilning ikkinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasi prezident qarori bilan tashkil etilgan. Hudud rezidentlari soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek erkin iqtisodiy zonalarga beriladigan qo‘shimcha preferensiyalar bilan ta’minlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Oq ko‘prik» stansiyasida yangi temir yo‘l foydalanishga topshirilgani haqida yozgandi.