
Uchtepa tumanidagi Kichik halqa avtomobil yo‘lida ta’mirlash ishlari olib borilishi sababli yo‘lning bir qismi yopiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Beshqayrag‘och ko‘chasidan Foziltepa ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida 21-noyabr soat 20:00 dan 24-noyabr soat 06:00 gacha bir tomonlama harakat to‘xtatiladi.

Hokimlik haydovchilarga noqulayliklarni oldini olish uchun yo‘nalishni oldindan rejalashtirib olishni tavsiya etdi.
Avvalroq «Yangi Andijon – Xonobod» yo‘nalishida pullik yo‘l qurilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, viloyat hokimi xitoylik investorlar bilan loyiha bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi.
«Viloyat rahbarining Xitoyda investorlar bilan uchrashuvidagi kelishuvlarga asosan, «Yangi Andijon — Xonobod» yo‘nalishida pullik yo‘l qurish loyihasi amalga oshirilishi kutilmoqda. Kuni kecha Andijonda investorlar bilan loyihani amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi», – deyiladi xabarda.
Shuningdek, Toshkentdan Samarqand va Andijonga olib boruvchi pullik avtomobil yo‘llari ham 2026-yildan amaliy bosqichga o‘tishi mumkin.