Avto

UzAuto Motors Chevrolet Cobalt avtomobilini dilerlar orqali sotganini tasdiqladi

To‘lov qilinmagan shartnomalar bekor qilingan
Chevrolet Cobalt
Foto: Kursiv Uzbekistan

«UzAuto Motors» AJ Chevrolet Cobalt avtomobillarini dilerlar orqali sotganini tasdiqladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

UzAuto Motors 3-noyabr kuni Cobalt modelidan 100 ming dona hajmni onlayn sotuvga qo‘ygandi. 7 kunlik to‘lov muddatidan keyin shartnoma tuzgan mijozlarning 20 833 tasi avtomobil uchun to‘lovni amalga oshirdi. To‘lov qilinmagan shartnomalar bekor qilindi.

Onlayn-kontraktatsiya yakunlangach kompaniyaga shartnoma tuzish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar tushdi. 3-noyabr kuni rasmiylashtirilgan ba’zi shartnomalar avtomobilga haqiqiy ehtiyojsiz tuzilgan bo‘lgani sabab, UzAuto Motors Cobalt avtomobillarini to‘lov muddati tugagach dilerlik markazlari orqali sotishni boshlashga qaror qildi.

Endi onlayn xarid qilolmagan mijozlar istalgan Chevrolet dileridan Cobalt avtomobilini sotib olishi mumkin. Xaridorlar dilerlik markazida mavjud avtomobillar orasidan tanlov qiladi. Qo‘shimcha jihozlar kafolatga zarar yetkazmagan holda shu yerning o‘zida o‘rnatiladi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Dilerlik markazlarida sotilayotgan barcha avtomobillar yagona tizim orqali rasmiylashtiriladi. Har bir shartnomada uning haqiqiyligini tasdiqlovchi QR-kod mavjud.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 20-noyabr holatiga dilerlarga 2 624 dona Cobalt yetkazilgan. Ulardan 1 969 tasi sotilgan va xaridorlarga topshirilgan. Yana qariyb 6 000 dona avtomobil dilerlik tarmog‘iga yo‘lda.

UzAuto Motors dilerlik sotuvlari onlayn xarid qilingan avtomobillarni topshirish jarayoniga ta’sir qilmasligini ta’kidladi. Noyabr oyida berilishi belgilangan avtomobillarning yarmidan ko‘pi allaqachon mijozlarga topshirilgan. 15-dekabrga qadar 2025-yil dekabr va 2026-yil yanvar uchun mo‘ljallangan barcha avtomobillar yetkaziladi.

Sal oldin Autostrada nashri Cobalt shartnomalarida korrupsion holatlar qayd etilganini yozgan edi. Kompaniya esa buni rad qildi.

«Mazkur xabar bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, muallif hech qanday faktik dalil taqdim eta olmadi. Shu bilan birga, asossiz ma’lumotlar esa «UzAuto Motors» AJ hamda Chevrolet rasmiy dilerlarining obro‘siga putur yetkazadi. Shu sababli har qanday tekshirilmagan, hech qanday asosga ega bo‘lmagan mish-mish va farazlarni tarqatmaslikni qat’iy so‘raymiz”, – deyiladi bayonotda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Cobalt uchun salonlarda shartnomalar ochilgani haqida yozgan edi.