AQSh simsiz aloqa operatori 13 mingdan ortiq xodimni ishdan bo‘shatadi

eʼlon qilindi
Ishdan bo‘shatish to‘lovi 1,6 mlrd dollardan 1,8 mlrd dollargacha bo‘lishi kutilmoqda
Foto: MLQ.ai

AQShning simsiz aloqa operatori Verizon xarajatlarni kamaytirish va operatsiyalarni qayta tuzish maqsadida 13 mingdan ortiq ish o‘rnini qisqartirishini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Kompaniya to‘rtinchi chorakda ishdan bo‘shatish to‘lovi 1,6 mlrd dollardan 1,8 mlrd dollargacha bo‘lishini kutmoqda. Ishdan bo‘shatilgan xodimlarning 80 foizdan ortig‘i kelasi oy kompaniyani tark etadi.

Verizon’ning yangi bosh direktori Den Shulman kompaniyaning amaldagi xarajatlari mijozlarga yo‘naltirilgan takliflarga katta sarmoya kiritish imkoniyatini cheklayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyalarni soddalashtirish kompaniyani sekinlashtirayotgan va mijozlarni ranjitayotgan noqulayliklarni bartaraf etish uchun zarur.

Qisqartirilayotgan 13 mingdan ortiq ish o‘rnining aksariyati AQShdagi xodimlarga ta’sir qiladi. Kompaniya 179 ta korporativ do‘konni franchayzing operatsiyalariga o‘tkazishni va bitta do‘konni yopishni rejalashtirmoqda.

Foto: Justin Sullivan / Getty Images

Bundan tashqari, Verizon ishdan bo‘shatilgan xodimlarga sun’iy intellekt davri uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘rgatish va ish qidirishga yordam berish maqsadida 20 mln AQSh dollari miqdorida maxsus jamg‘arma tashkil etmoqda.

Simsiz aloqa operatori raqobatchilari AT&T va T-Mobile arzonroq tariflar taklif qilishi hamda yangi mijozlar bazasining qisqarishi fonida bozorda kuchli bosim ostida qoldi. Uchinchi chorakda Verizon bor-yo‘g‘i 44 mingta oylik to‘lovli yangi simsiz abonentga ega bo‘lib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha AT&T va T-Mobile’dan sezilarli darajada orqada qoldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nvidia Nokia’ga 1 mlrd dollar sarmoya kiritishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek