Vyetnamdagi suv toshqinlari oqibatida kamida 41 kishi halok bo‘ldi

Vyetnamda tinimsiz davom etayotgan yomg‘irlar va kuchli toshqinlar sabab kamida 41 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qutqaruvchilar to‘qqiz kishini qidirishda davom etmoqda. So‘nggi uch kun ichida ayrim hududlarda yog‘ingarchilik miqdori 1,5 metrdan oshib, ba’zi joylarda suv sathi 1993-yilgi rekord ko‘rsatkichdan (5,2 metr) ham yuqorilagan. Tabiiy ofat oqibatida 52 mingdan ortiq turar joy binosi suvostida qoldi, 500 mingga yaqin xonadon va korxona elektr ta’minotisiz qolgan.

Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar qatoriga sayyohlik markazlari bo‘lgan Hoy An va Nha Trang shaharlari, shuningdek, qahva yetishtirishga ixtisoslashgan markaziy tog‘li hududlar kiradi. Suv toshqinlari infratuzilmaga ham jiddiy zarar yetkazmoqda.
Lamdong provinsiyasida yer ko‘chkisi sababli favqulodda holat e’lon qilindi, Da Lat shahriga olib boruvchi asosiy yo‘l Mimosa dovonining bir qismi qulab tushishi natijasida transport harakati to‘xtatilgan. Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-oktabr oylarida tabiiy ofatlar Vyetnam iqtisodiyotiga $2 mlrd miqdorida zarar yetkazgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nepalda kuchli yomg‘ir oqibatida kamida 44 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.