
Avtomobil olamida modellar kun sayin ko‘payib bormoqda. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida dunyodagi eng noodatiy avtomobillar va ularning tarixi haqida so‘z boradi.
Mundarija:
- Peel P50 – dunyodagi eng kichik avtomobil afsonasi;
- Amphicar – quruqlik va suvda harakatlanuvchi noodatiy mashina;
- DeLorean DMC-12 – zanglamas po‘latdan yasalgan futuristik sportkar;
- Tesla Cybertruck – kelajakcha dizaynli elektr pikap;
- Reliant Robin – o‘ziga xos uch g‘ildirakli afsona;
- BMW Isetta – BMW’ni bankrotlikdan saqlab qolgan «qahramon».
Peel P50 – dunyodagi eng kichik avtomobil afsonasi
1960-yillarda Britaniyaning Peel Engineering kompaniyasi yaratgan Peel P50 Ginnes rekordlar kitobiga «dunyodagi eng kichik seriyali avtomobil» sifatida kiritilgan. Uch g‘ildirakli mikroavtomobil atigi bitta eshik va bitta o‘rindiqqa ega. U bitta odam (va kichik sumka) sig‘adigan darajada kichik edi. Mashina 59 kg og‘irlikka ega bo‘lib, quvvati atigi 5 ot kuchi bo‘lgan dvigatel bilan jihozlangan.

Peel P50’da orqaga uzatma bo‘lmagan. Uni qo‘lda ko‘tarib, orqaga burash mumkin edi. Shunisi bilan u shahar ichida bir kishilik transport konsepsiyasining ilk namunalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Hatto 2010-yilda elektr versiyasi cheklangan miqdorda qayta ishlab chiqarilgan. Model tarixiy eksponat sifatida mashhurligi davom etmoqda.
Amphicar – quruqlik va suvda harakatlanuvchi noodatiy mashina
1961-yilda Germaniyada ishlab chiqarilgan Amphicar tarixdagi birinchi ommaviy amfibiya-avtomobil sifatida tanilgan. Tashqi ko‘rinishi go‘yoki mashina va qayiqning birikmasiga o‘xshab ketadigan bu model quruqlikda soatiga 110 km, suvda esa 7–8 km tezlikda harakatlana olgan. Model nomidagi «770» ham suvdagi maksimal tezlikka ishora qiladi.

Dastlab AQSh va Yevropada katta qiziqish uyg‘otgan. Mashina suvda sekinligi va boshqaruv qiyinligi sabab uzoq umr ko‘rmadi. Ammo Amphicar avtomobil tarixida jasoratli eksperiment sifatida alohida o‘rin egalladi va bugun kolleksionerlar uchun orzu qilinadigan noyob modelga aylangan.
DeLorean DMC-12 – zanglamas po‘latdan yasalgan futuristik sportkar
1980-yillar ramziga aylangan DeLorean DMC-12 o‘zining qanoti yuqoriga ochiladigan eshiklari va bo‘yalmagan zanglamaydigan po‘lat kuzovi bilan avtomobil tarixidagi eng noodatiy modellar qatorida turadi. 1981–1983-yillarda Jon DeLorean tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu sportkar qisqa vaqt ichida kompaniyaning moliyaviy muammolari tufayli to‘xtab qolgan bo‘lsa-da, pop-madaniyat uni abadiylashtirdi.

«Kelajakka qaytib» filmidagi mashhur vaqt mashinasi aynan DeLorean bo‘lib, aynan shu film DMC-12’ni butun dunyoda mashhur qildi. Bu model noodatiy dizayn tijoratda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa ham, tarixda o‘chmas iz qoldirishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatib berdi.
Tesla Cybertruck – kelajakcha dizaynli elektr pikap
2019-yilda taqdim etilib, 2023-yildan sotila boshlagan Tesla Cybertruck avtomobil dizayniga tamoman yangi yondashuv olib keldi. Uning o‘tkir qirrali, burchakli, futuristik tashqi ko‘rinishi va bo‘yalmagan zanglamaydigan po‘latdan yasalgan «ekzoskelet» kuzovi avtomobil ixlosmandlari orasida keng bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Kuzov sirtlari shtampovka qilingan panellar o‘rniga lazer bilan kesilgan va buklangan mustahkam plitalardan iborat. Bu yechim mashinani juda chidamli qilgani aytiladi, biroq uning piyodalar xavfsizligiga ta’siri borasida ayrim mutaxassislar tanqid bildirgan. Shunga qaramay, Cybertruck elektromobil sanoatida jasoratli dizaynning eng yorqin timsollaridan biri bo‘lib qoldi.
Reliant Robin – o‘ziga xos uch g‘ildirakli afsona
Angliyada 1970-yillarda ishlab chiqarilgan Reliant Robin dunyodagi eng mashhur uch g‘ildirakli avtomobillardan biri. Old qismida bitta g‘ildiragi bo‘lgani uchun mashina tez-tez ag‘darilib ketishi bilan mashhur bo‘lgan, shu sabab ko‘plab teleko‘rsatuvlarda, jumladan Top Gear’da hazil obyektiga aylangan.

Shunga qaramay, Reliant Robin o‘z davrida juda ommalashdi. Fiberglas (plastik) kuzovli mashinalar orasida eng ko‘p sotilgan modellar qatoridan joy oldi. Uni arzonligi, iqtisodiyligi va mototsikl toifasida soliq imtiyozlari bilan boshqarish mumkinligi mashhur qilgan. Bugun u britan avtomobil tarixining g‘ayrioddiy, ammo tomoshabinlarga yoqadigan qahramonlaridan biridir.
BMW Isetta – BMW’ni bankrotlikdan saqlab qolgan «qahramon»
1950-yillarda yaratilgan BMW Isetta mikroavtomobili noodatiy dizayni bilan ajralib turadi. Eng diqqatga sazovor jihati – avtomobilning yagona eshigi old tomondan ochilishi. Rul ham eshik bilan birga oldinga chiqib, ikki kishi uchun joy ochib berardi.

Juda ixcham va arzon bo‘lgan Isetta urushdan keyingi Yevropada keng tarqaldi. BMW aynan shu model tufayli og‘ir moliyaviy inqirozdan chiqib ketdi: 1956–1962-yillar oralig‘ida 160 mingdan ortiq avtomobil sotildi. Bugun Isetta noodatiy dizayn muvaffaqiyatining ramzi sifatida muzeylar va kolleksiyalarni bezab turadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet eski modelini yangilagani haqida yozgan edi.