Jahon bozorida qahva narxi rekord darajada pasaydi

eʼlon qilindi
AQSh bojlari bekor bo‘lgandan so‘ng
Foto: depositphotos / jukai5

AQSh prezidenti Donald Tramp Braziliya qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, jumladan, qahva va kakao importiga qoʻyilgan 40 foizlik bojni bekor qilgani ortidan jahon bozorida qahva narxi keskin tushdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, qaror amerikalik isteʼmolchilar orasida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishidan kelib chiqayotgan norozilik kuchaygani fonida qabul qilingan. AQShda qahvaning chakana narxi sentabr oyida yillik hisobda 40 foizga oshgan. Braziliya esa AQSh isteʼmol bozoriga oʻz qahva hosilining uchdan bir qismini yetkazib beradi.

Juma kungi savdolarda ICE birjasida arabika fyucherslari dastlab 6 foizga arzonlab, so‘nggi ikki oy ichidagi eng past ko‘rsatkichga tushdi. Keyinchalik pasayish sur’ati sekinlashib, narx –1,6 foiz darajasida barqarorlashdi va bir funt uchun qariyb $3,7 ni tashkil etdi. Robusta fyucherslarida ham keskin tebranish kuzatildi: avvaliga 8 foizgacha pasaydi, shundan so‘ng narx 2,5 foizgacha qayta tiklandi.

Shuningdek, narxlardagi tebranishga Vyetnamdagi kuchli suv toshqinlari va koʻchkilar ham taʼsir koʻrsatdi. Dunyoda eng koʻp robusta yetkazib beruvchisi boʻlgan mamlakatda tabiiy ofatlar oqibatida 41 kishi halok boʻlgan. Qahva ishlab chiqaruvchilar va kafe tarmoqlari aksiyalari esa aksincha, oʻsishga erishdi. Starbucks — +4%, Dutch Bros — +8%, Luckin Coffee — +2%, Coffee Holding — +5%.

Avvalroq Tramp Braziliyadan import qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari — qahva, mol goʻshti va turli mevalarni 40 foizlik tariflardan ozod qilganini maʼlum qilgandi. Shunga oʻxshash qarorlar bundan oldin Argentina, Ekvador, Gvatemala va Salvador mahsulotlariga ham taalluqli boʻlgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Shveysariyaga qoʻyilgan bojlarni 39 foizdan 15 foizgacha kamaytirgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek