Oʻzbekiston aeroportlarida yoʻlovchilar oqimi 14 foizga oshdi

eʼlon qilindi
12 milliondan ortiq yoʻlovchiga xizmat koʻrsatdi
Foto: Uzbekistan Airports

Oʻzbekiston aeroportlari 2025-yilning yanvar–oktabr oylarida 12 milliondan ortiq yoʻlovchiga xizmat koʻrsatdi. Bu haqda Uzbekistan Airports axborot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, shundan 10,38 millioni xalqaro yoʻnalishlar, 2,2 millioni esa ichki reyslar hissasiga toʻgʻri keladi. Hisobot davrida respublika aeroportlari 105 mingta reysga xizmat koʻrsatdi. Ulardan 30 mingtasi ichki, 75 mingtasi xalqaro yoʻnalishlarda amalga oshirilgan. Bu koʻrsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 13 foiz yuqori.

Shu bilan birga, yuk va pochta aylanmasi ham ortdi. 2025-yilning dastlabki 10 oyida 78 ming tonna yuk qayta ishlangan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 12 foiz koʻproq.

Yoʻlovchi oqimi boʻyicha Toshkent xalqaro aeroporti mutlaq yetakchi boʻlib qoldi. Hisobot davrida bu yerda 8,22 million yoʻlovchi (+15%) va 65,72 ming reys (+16%) qayd etildi. Poytaxt aeroporti mamlakatdagi umumiy yoʻlovchi oqimining deyarli uchdan ikki qismini — 64,8 foizini, barcha reyslarning esa 62,2 foizini oʻzida jamladi.

Ikkinchi oʻrinda Samarqand xalqaro aeroporti turibdi. U 1,26 million yoʻlovchi (+9%) va 10 ming reysga xizmat koʻrsatdi. Kuchli uchlikni Urganch aeroporti yakunladi: 709,9 ming yoʻlovchi (+21%) va 5396 reys (+17%) bilan sezilarli oʻsishga erishdi. Shuningdek, Namangan va Fargʻona aeroportlari ham yoʻlovchi oqimi boʻyicha respublika boʻyicha eng faol beshlikdan joy oldi.

Eslatib oʻtamiz, 2024-yilda Oʻzbekiston aeroportlari 13,5 mln yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan edi.

Shuningdek