
Migratsiya agentligi va Skills Provision Ltd kompaniyasi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari montajchisi (Overhead High Voltage Transmission Linesman) lavozimi boʻyicha mutaxassislarni Buyuk Britaniyaga ishga taklif qilmoqda. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, tanlov doirasida 500 ta boʻsh ish oʻrni taklif etilmoqda. Mazkur yoʻnalish boʻyicha ishchilar mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, elektr montaji, arqon bilan ishlash (rigging), osma va bloklash, yerga ulash, jumper oʻrnatish, poʻlat konstruksiyalarni yigʻish va ta’mirlash kabi vazifalarni bajaradi. Ish jarayonida texnik chizmalarni toʻgʻri oʻqiy olish va jamoada intizomga rioya qilish ham muhim talab sifatida koʻrsatilgan.
Qish mavsumida haftasiga 39 soat, yoz oylarida esa 60 soatlik ish grafigi belgilanadi. Soliqdan keyingi oylik ish haqi taxminan 3400 funt sterlingni ($4400) tashkil etadi. Qoʻshimcha ish uchun alohida toʻlov belgilanadi.
Tanlovda 23 – 45 yosh oraligʻidagi elektr energetikasi yoʻnalishida oliy ma’lumotga ega, kamida 3 yillik tajribasi boʻlgan, ingliz tilidan «B2» darajasidagi xalqaro sertifikatga ega mutaxassislar qatnashishi mumkin. Shuningdek, 110 kV va undan yuqori kuchlanishdagi elektr uzatish liniyalarida ishlash tajribasi, balandlikda ishlash koʻnikmasi, minoralar qurilishi va ta’miri boʻyicha amaliy bilim zarur.
Ish beruvchi mehnat vizasi xarajatlarini, tibbiy sugʻurtani hamda Working Away Allowance doirasida ish kunlariga moʻljallangan kunlik 60 funt sterlingni ta’minlaydi. Xodimning ovqatlanish va ish joyiga yetib borish xarajatlarining bir qismi ham keyinchalik qoplab beriladi.
Roʻyxatdan oʻtish uchun ariza topshirish uchun havola.
Avvalroq «Kursiv» oʻzbekistonliklar Bolgariyaga ishga taklif qilinayotgani haqida xabar bergan edi.