Yangiliklar

Rossiyada chet ellik ishchilar uchun tibbiy sugʻurta olish tartibi qiyinlashadi

Qonun Rossiya prezidenti tomonidan imzolangandan so‘ng kuchga kiradi
Foto: Mika Baumeister / Unsplash

Rossiya Davlat dumasi chet ellik ishchilar tomonidan majburiy tibbiy sugʻurta (MTS) polisini olish tartibini keskin qattiqlashtiruvchi qonunni ma’qulladi. Bu haqda Davlat dumasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qonunga ko‘ra, endilikda bepul tibbiy yordam olish uchun muhojir kamida besh yil davomida Rossiya hududida qonuniy ishlagan boʻlishi shart. Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinning ta’kidlashicha, bepul tibbiy xizmat faqat Rossiyada uzoq muddat mehnat qilgan shaxslarga taalluqli boʻladi.

«Mamlakatimizga ishlash uchun kelib, yuqori standartdagi ijtimoiy kafolatlardan foydalanmoqchi boʻlgan fuqarolar bunga halol va qonuniy mehnat orqali oʻz huquqini tasdiqlashi kerak. Faqat favqulodda holatlar bundan mustasno», – dedi Volodin.

Hozirda MTS polisini olish uchun Rossiyada kamida uch yillik ish staji talab qilinadi. Yangi qonunga koʻra, bu muddat besh yilga uzaytiriladi. Qonun Rossiya prezidenti tomonidan imzolangandan soʻng kuchga kiradi.

Tushuntirish xatida qayd etilishicha, ushbu talab Rossiyada vaqtincha yashab va ishlab turgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun majburiy boʻladi.

Kimlarga imtiyozlar saqlanib qoladi?

  • Yuqori malakali mutaxassislar yangi talablardan ozod etiladi – ular avvalgi tartib asosida MTS polisini olishda davom etadi;
  • Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlar kompaniyalari vakolatxonalari, shoʻba va filiallariga yuborilgan xodimlar uchun ham amaldagi imtiyozlar saqlanadi.

Soʻnggi oylar ichida Rossiya migratsiya tizimi boʻyicha bir qator cheklovchi va tartibga soluvchi yangiliklar joriy qildi. Prezident Vladimir Putin 2026 – 2030-yillar uchun moʻljallangan yangi migratsiya konsepsiyasini tasdiqlagan boʻlib, unda chet ellik ishchilarga boʻlgan ehtiyoj yaqin yillarda saqlanib qolishi qayd etilgan.

Sentabr oyida esa Rossiyada ishlamaydigan migrant oilalar uchun pullik yashash tartibi taklif qilingan, 1-sentabrdan boshlab esa roʻyxatdan oʻtish, migratsiya hisobi va mehnat ruxsatnomalariga qoʻshimcha davlat bojlari joriy etilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekstan migrantlar uchun imtiyozli sugʻurta tariflari joriy etilishi haqida xabar bergan edi.