Toshkentda kelinning uyini 240 ming dollarga sotilib yuborgan boʻlajak kuyov 9 yilga qamaldi

Toshkentda boʻlajak kelinning uyini aldov yoʻli bilan sotib yuborgan fuqaroga hukm oʻqildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumani sudining 21-noyabr kuni boʻlib oʻtgan ochiq majlisida u 9 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda jabrlanuvchining vakillari maʼlum qildi.
Sud hukmida aytilishicha, Rismatov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (juda koʻp miqdorda firibgarlik) boʻyicha aybli deb topilgan. U tayinlangan jazo muddatini umumiy tartibli koloniyada oʻtaydi. Shuningdek, sudlanuvchidan uch nafar jabrlanuvchi foydasiga jami 4 mlrd 879 mln so‘m miqdorida zarar undirilishi belgilandi.
Shayxontohur tumani, Katta Oqtepa mahallasidagi uy yuzasidan tuzilgan oldi-sotdi shartnomalarini bekor qilish masalasi fuqarolik ishlari boʻyicha sudda koʻrib chiqilishi belgilangan. Jabrlanuvchilar advokati Qodirjon Rahimov suddan aynan shu masalani hukmda alohida qayd etishni soʻragan edi.
Advokatning taʼkidlashicha, uy boʻyicha huquqiy aniqlik kiritilishi kelajakda jabrlanuvchilarning ortiqcha sarson boʻlishining oldini oladi. Sud hukmida ushbu tartib ham koʻrsatib oʻtilgani advokat tomonidan ijobiy baholandi.
Maʼlum qilinishicha, voqea 2024-yilda sodir boʻlgan. Rismatov Shahzod 25 yoshli Jamila Alimbayevaga uylanishini aytib, uning ishonchiga kirgan. Toʻydan avval moliyaviy muammolari borligini aytib, qizning oilasiga uyini « vaqtincha garovga qoʻyish» taklifini bildirgan. Oila rozi boʻlgach, u mazkur uyni boshqa shaxsga $240 mingga sotib yuborgan.
Holat boʻyicha birinchi boʻlib jabrlanuvchi Jamilaning oʻzi ijtimoiy tarmoqlarda murojaat qilgan edi.
Avvalroq holat bo‘yicha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy ma’lumot bergan edi.