Toshkentdagi havo sifatining yomonlashuvi tabiiy va mavsumiy omillar bilan bogʻliq — «O‘zgidromet»

Soʻnggi kunlarda Toshkent shahrida atmosfera havosidagi mayda dispersli zarrachalar (PM10) miqdorining oshishi aholida xavotir uygʻotdi. «OʻzGidromet» direktori Sherzod Habibullayevning rasmiy bayonotiga koʻra, havo sifatining yomonlashuvi bir vaqtning oʻzida namoyon boʻlgan uchta asosiy tabiiy omil bilan bogʻliq.
Birinchi omil — keskin harorat almashishi va inversiya
Joriy hafta havo harorati qisqa muddat ichida keskin oʻzgardi. Issiq kunlardan sovuq kunlarga oʻtishda inversiya deb ataluvchi jarayon yuzaga keladi: sovuq havo pastda, issiq havo yuqorida qoladi va havo qatlamlari aralashmaydi. Natijada mayda zarrachalar past qatlamda toʻplanib, ularning konsentratsiyasi tez koʻtariladi. Bu holat Toshkent, Olmaota, Bishkek va Dushanbe kabi shaharlarda har yili kuz-qish oylarida takrorlanadi.
Ikkinchi omil — yogʻingarchilikning kamayishi
Noyabr boshidan buyon Toshkentda deyarli yomgʻir yogʻmagani sababli havodagi zarrachalarni «yuvib tushirish» jarayoni sodir boʻlmadi. Yogʻingarchilik me’yoridan past boʻlgani atmosferadagi chang va zarrachalarning uzoq vaqt saqlanib qolishiga sabab boʻlmoqda.
Uchinchi omil — arid jarayonlarning kuchayishi va tabiiy changlanish
Oʻzbekiston quruq va yarim quruq iqlim hududi hisoblanadi. BMT ekspertlari bu mintaqani dunyoda arid jarayonlar eng tez kuchayib borayotgan hududlardan biri sifatida qayd etgan. Oʻsimlik qoplamining kamayishi, shamol ta’siri va iqlim isishi natijasida tabiiy changlanish ortgan. Shu bois bu yil shamol past boʻlgan kunlarda ham PM10 koʻrsatkichlari keskin oʻsdi.
OʻzGidromet ma’lumotiga koʻra, inversiya jarayoni 24-noyabrgacha davom etishi mumkin. Shuning uchun havodagi zarrachalar miqdori yaqin kunlarda yuqoricha darajada qolishi tabiiy jarayon sifatida baholanmoqda.
Hozirda shahar boʻyicha quyidagi choralar koʻrilmoqda:
- koʻcha va yoʻllarni namlash;
- yashil hududlarni qoʻshimcha sugʻorish;
- jamoat joylarini nam tozalash;
- aholiga tavsiyalar yetkazish;
- havo sifatini doimiy monitoring qilish.
OʻzGidromet kuniga ikki marotaba havo holati boʻyicha rasmiy ma’lumot e’lon qilib borishini ma’lum qildi. Tashkilot rahbari ta’kidlashicha, vaziyat toʻliq nazorat ostida boʻlib, zarurat tugʻilganda qoʻshimcha choralar koʻriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan poytaxtda havo sifatini yaxshilash uchun yo‘llarga suv sepilayotgani haqida xabar bergan edi.