
Mercedes-Benz 8-dekabr kuni taqdim etilishi kutilayotgan yangilangan GLB krossoverining deyarli kamuflyajsiz suratlarini ommaga chiqardi. Bu haqda Carcoops nashri xabar berdi.
Tashqi ko‘rinish keskin o‘zgarishlarga uchramagan bo‘lsa-da, dizayn evolyutsion tarzda yangilangan. Chuqur o‘rnatilgan eshik tutqichlari, oynalarning qayta ishlangan shakli va pastki qismdagi plastik himoya detallarida Smart 5 modeliga o‘xshash yechimlar seziladi. Ort qismdagi bo‘rtma arkalarning yanada ifodaliroq bo‘lgani ham modelga sportchi ko‘rinish beradi.






Amaldagi avlod bilan solishtirganda, yangi GLB «yulduz» naqshi bilan ishlangan old faralar, yumaloqlashtirilgan kuzov chiziqlari va to‘liq qayta ishlab chiqilgan orqa dizayn bilan ajralib turadi. Vertikal tarzda joylashtirilgan orqa chiroqlar yagona yorug‘lik paneli bilan bog‘langan, davlat raqami uchun mo‘ljallangan joy esa endi beshinchi eshikdan bamperga ko‘chirildi.
Modelning interyeri ushbu oy boshida namoyish qilingandi. Yangi GLB opsiya sifatida MBUX Superscreen panelini oladi. U 10 dyuymli raqamli asbob paneli, 14 dyuymli media displey va old yo‘lovchi uchun alohida 14 dyuymli ekranni birlashtiradi. Shuningdek, salonda yangicha dizayndagi rul va smartfonlar uchun simsiz quvvatlantirish maydoni paydo bo‘ladi. Mashina 5 va 7 o‘rindiqli versiyalarda taqdim etiladi. Ikkinchi qatorda joy yanada kengaytirilgan, uchinchi qatorda esa o‘tirish va chiqish qulayligi oshirilgan.








Standart komplektatsiya endi panoramali shisha tom bilan taqdim etiladi. Bundan tashqari, «yulduzli osmon» deb ataluvchi maxsus tom opsiyasi ham taklif etiladi. Uning ayrim versiyalari atigi bir necha millisekundda shaffof holatdan matt holatga o‘ta oladi.
Shuningdek, yangilangan GLB’ning dvigatel qatori yangi CLA modeli bilan umumiy bo‘ladi. Elektr versiya 85 kVt·soatli batareya va ikkita quvvat variantiga ega bo‘lishi kutilmoqda: 268 ot kuchiga ega orqa g‘ildirakdan tortuvchi baza versiyasi hamda 349 ot kuchiga ega ikkita motorli to‘liq uzatmaga ega modifikatsiya. Kelgusida 1,5 litrli benzin dvigateli, 1,3 kVt·soatli batareya va integratsiyalashgan elektromotorga ega gibrid versiyaning ham qo‘shilishi ehtimol. Mazkur tizim hozirda CLA modelida 154–181 ot kuchi oralig‘ida quvvat beradi.
Mercedes-GLB 2026 hozircha rasmiy taqdimot oldidan sinov bosqichida, biroq taqdim etilgan suratlar krossoverning yangi avlodi ancha zamonaviy, texnologik va dizayn jihatidan ancha jiddiy yangilanish bilan chiqishini ko‘rsatmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mercedes-Benz Vision Iconic taqdim etilgani haqida yozgandi.
