Samarqandda CITES yig‘ilishida ilk bor rus tili qo‘llaniladi

CITES Konvensiyasining 24-noyabrdan 5-dekabrgacha davom etadigan navbatdagi yuqori darajadagi yig‘ilishida ilk bor rus tili rasmiy muhokamalar uchun qo‘llanadi. Bu haqda Rossiya ekologiya nazorati xizmati rahbari Svetlana Radionova ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.
Uning aytishicha, 1973-yilda Konvensiya tashkil etilgandan beri birinchi marta rus tili teng huquqli tarzda ishlatilmoqda.
«Bu yutuqqa prezidentimiz ko‘magida erishildi. Endi ikki hafta davom etadigan mazmunli uchrashuvlarda rus tilidan to‘liq foydalanish imkoniyati beriladi», – dedi Radionova.
Shuningdek, u aslida BMTning barcha olti rasmiy tili Konvensiyada qo‘llanishi kerakligini, hozirda esa atigi uch til bilan cheklanib qolayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, rus tilining keng qo‘llanilishi hujjatlarni to‘g‘ri anglash, sessiyalar orasidagi ishlarda qulaylik yaratadi va rus tilida so‘zlovchi ekspertlar faoliyatini yengillashtiradi.
Radionovaning ta’kidlashicha, CITES doirasida Rossiya bilan hamkorlikka turli davlatlar nafaqat do‘stona, balki ayrim nodo‘stona mamlakatlar ham qiziqmoqda.
«Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar bizdan turli masalalarda ko‘mak so‘ramoqda. Biz esa o‘z manfaatlarimiz tinglanishini istaymiz. Bu yerda nafaqat biologik xilma-xillikni asrash bo‘yicha muvaffaqiyatlarimiz, balki rus tilining xalqaro maydondagi mavqyeini oshirish bo‘yicha tajribamiz ham ko‘rsatib berilmoqda», – dedi u.
Ma’lumot uchun, CITES Konvensiyasi 1973-yilda Vashingtonda imzolangan. 1975-yil 1-iyuldan kuchga kirgan va hozirda 184 davlat va Yevropa Ittifoqi a’zo.
Qoidalarga ko‘ra, ishtirokchi davlatlar yo‘qolib ketish xavfi ostidagi hayvon va o‘simlik turlari savdosini qonuniy tartibga solishi shart. O‘zbekiston 1997-yilda, Rossiya esa 1992-yilda (SSSRning huquqiy vorisi sifatida) Konvensiyaga qo‘shilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi kampusi tashkil etilgani haqida yozgandi.