
Chery kompaniyasi tomonidan 21-noyabr kuni Guanchjoudagi avtosalonda yangi Chery Fulwin T9L avtomobili namoyish qilindi. Bu haqda Autohome xabar bermoqda.
Model ilgari E06 nomi bilan tanilgan. Mashina to‘liq yangi dizayn, zamonaviy elektronika va aqlli haydovchiga yordam tizimlari bilan jihozlangan. Sotuvga 2026-yilning ikkinchi choragida chiqariladi.
Fulwin T9Lning tashqi ko‘rinishi minimalistik uslubda ishlangan. Old qismi yopiq bo‘lib, ingichka chiroqlar bilan bezatilgan. Pastki qismida trapezsimon havo kirgizish panjari bor. Yon tomoni esa kupе-krossover ko‘rinishida taqdim etilgan. O‘lchamlari 4870×1930×1710 mm, g‘ildirak bazasi 2920 mm.

Salon ikki rangli rul, raqamli panel va 17,3 dyuymli 2,5K ekran bilan jihozlangan. Markaziy tunnelda simsiz quvvatlagich bor. Old o‘rindiqlar 16 yo‘nalishda sozlanadi, ventilyatsiya, isitish, massaj va xotira funksiyasiga ega. Ikkinchi qatordagi o‘rindiqlar 35 darajagacha yotadi, isitish va ventilyatsiya qo‘llab-quvvatlanadi. 23 ta dinamikli 1080 Vt quvvatga ega audio tizim o‘rnatilgan.

Fulwin T9L Falcon 700+ avtopilotiga ega. Tomda o‘rnatilgan lidari va 560 TOPS quvvatli Horizon Journey 6P chipi yordamida mashina yo‘lda mustaqil ravishda o‘rin almashadi, quvib o‘tadi va shahar sharoitida svetoforlarni taniydi.
Model 1,5 litrli dvigatelga asoslangan Kunpeng C-DM 5.0 gibrid tizimiga ega. Umumiy quvvat 353 ot kuchi, transmissiya – DHT260. To‘liq tortuvli versiya 0 dan 100 km/soatgacha besh soniyadan biroz ko‘proq vaqtda tezlanadi. Maksimal tezlik 240 km/soatni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Great Wall Cannon 2026 modeli qanday narxda sotilishi haqida yozgan edi.