Davlat xizmatlari yagona reyestri yuritilishi tartibi belgilandi

Adliya vazirligi «Davlat xizmatlari yagona reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risida»gi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur nizomga muvofiq, Davlat xizmatlari yagona reyestri Adliya vazirligi tomonidan shakllantiriladi va «Davlat xizmatlari» avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimida yuritiladi.
Reyestrda har bir davlat xizmatining pasporti saqlanadi. Davlat xizmatini reestrga kiritish yoki undan chiqarish, shuningdek, xizmat ma’lumotlariga o‘zgartirish kiritish davlat xizmatini ko‘rsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Mazkur reyestrdagi ma’lumotlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun ochiq bo‘lib, shaffoflik va qulaylikni ta’minlaydi. Shu tariqa, fuqarolar va tashkilotlar davlat xizmatlari haqida aniq va yangilangan ma’lumotga ega bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq vafot etgan shaxslarni dafn etish va ro‘yxatga olish jarayoni raqamlashtirilishi haqida xabar bergan edik.